Navbahorda kenguru uchun park qurilmoqda

10:53 09 Aprel 2019 Jamiyat
348 0

Temur Eshboyev, “Xalq soʻzi”/Navoiy. Navoiy viloyatining Navbahor tumanida “Safari-park” tashkil etilmoqda.

“Straus farm Navbahor” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha uchun tuman hokimligi tadbirkorga 59 gektar yer maydoni ajratdi. Mazkur parkka Afrika tuyaqushidan tashqari, yashash sharoiti hudud iqlimiga mos zebra, kenguru kabi hayvonlar ham keltiriladi. Loyihani 2020 yil boshlarida foydalanishga topshirish moʻljallanmoqda.

Taʼkidlash joiz, yaqinda mazkur MCHJ tomonidan “Tuyaqushchilikni rivojlantirish, mahalliylashtirish, koʻpaytirish: muammolar va yechimlar” mavzusida seminar-trening oʻtkazilib, unda Janubiy Afrika Respublikasidan kelgan investor Gert Tomas Ferreira va sohaning 500 nafarga yaqin mutaxassislari, jumladan, respublikamizning tuyaqushchilik bilan shugʻullanuvchi korxonalari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etishgan edi.

Undan ilgariroq esa navbahorlik tadbirkor oʻz korxonasining imkoniyatlarini xorijda targʻib qilish va investorlarni jalb etish maqsadida hind va ingliz tadbirkorlari bilan hamkorlikda “Navbahor xoldings” korxonasiga asos solgan edi. Shu asosda bugun 50 nafar xorijlik investor bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Yuqorida tilga olganimiz JARlik investor Gert Tomas Ferreira shulardan biri boʻlib, “Safari-park” loyihasida oʻz gʻoyalari bilan koʻmaklashmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?