“Navbahor“da bosh murabbiy almashdi

18:10 25 Iyun 2019 Sport
470 0

Namangan shahridagi “Markaziy” oʻyingohida “Navbahor” professional futbol klubining yangi bosh murabbiysi Deyan Jurjevichni tanishtiruv marosimi oʻtkazildi.

Taqdimot marosimida viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan Namanganda futbolni rivojlantirish borasida izchil islohotlar olib borilayotganligini qayd etdi. Ayni paytda sohada bir qator yechimini kutayotgan muammolar ham borligini taʼkidlandi.

Tantanali marosimda Deyan Jurjevich “Navbahor” jamoasining bosh murabbiysi etib tanishtirildi. Shundan soʻng, Namangan shahar hokimi, klub rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov va Deyan Jurjevich 1 yilu 6 oyga, yaʼni, 2020-yil yakuniga qadar moʻljallangan shartnomaga imzo chekdilar.

Maʼlumot uchun, Deyan Jurjevich 1967-yilda Yugoslaviya (hozirgi Serbiya)da tugʻilgan. Futbolchilik faoliyati davomida himoya chizigʻida toʻp surgan. Serbiyalik mutaxassis Oʻzbekistonda ilgari ham ishlagan. U 2011-2012-yillarda “Paxtakor”da bosh murabbiy sifatida, keyinchalik Oʻzbekiston milliy terma jamoasida texnik direktor lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Yevropalik mutaxassisning oxirgi ish joyi Serbiyaning “Zemun“ klubi hisoblanadi. “Navbahor” jamoasida unga serbiyalik koʻzga koʻringan mutaxassislardan biri Sasha Klyaich va mahalliy mutaxassis, “Navbahor” tarbiyalanuvchisi Sherzod Joʻrayev yordamchi murabbiy vazifasida koʻmaklashadilar.

Hozirga qadar “Navbahor” bosh murabbiysi vazifasida ishlagan Andrey Kanchelskisbir qator sabablarga koʻra isteʼfoga chiqarildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?