“Navbahor” futbol klubi muxlislar sabab katta jarimaga tortildi

11:21 18 Sentyabr 2018 Sport
382 0

Namanganning “Navbahor” futbol klubi muxlislari sabab jiddiy jazoga tortildi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Oʻzbekiston superligasi 23-turidan oʻrin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” bahsi davomida mahalliy muxlislar A. Asimov boshchiligidagi hakamlar guruhini bir necha bor nomaqbul soʻzlar bilan haqorat qilgan. Shuningdek, uchrashuvning ikkinchi boʻlimida muxlislar oʻtirgan sektorlardan ommaviy ravishda maydonga turli buyumlar, suv idishlari uloqtirilgan.

“Navbahor” muxlislari bungacha “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Neftchi” jamoalariga qarshi kechgan safar uchrashuvlaridagi salbiy xulqi uchun ogohlantirilgan edi.

Shuni inobatga olib, Musobaqalar reglamentining “Klublar, klublar rahbarlari va futbolchilar majburiyatlari” boʻlimining 8.3 bandini, qolaversa, “Intizomiy va jarimalar kodeksi” 1-boʻlim 5.9 bandini qoʻpol ravishda buzgani uchun avvalgi ogohlantirishlar inobatga olingan holda “Navbahor” FK 25 000 000 soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

Agar ushbu holat yana bir bor takrorlansa, “Navbahor” klubi uy uchrashuvlarini muxlislarsiz – boʻsh stadionda oʻtkazadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?