National Geographic: Toshkent metropoliteni — har qanday kishini hayratda qoldirishga qodir sanʼat durdonalaridir

12:35 05 Noyabr 2018 Jamiyat
1255 0

Jahonga mashhur “National Geographic” jurnali muxbiri Lutsio de Stefani oʻz maqolasida Toshkentdagi “yer osti saroyi” — metropolitenda boʻlib, uning betakror goʻzalligidan hayratga tushgani haqida bayon qilgan.

Jurnalistning fikricha, poytaxtimiz metrosini koʻrish uchun minglab kilometr masofa bosib, Oʻzbekistonga kelishga arziydi. “Toshkentga keling va yer ostiga “yashirilgan” goʻzallikdan bahramand boʻling, — deya oʻquvchilarga murojaat qiladi sharhlovchi. — Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib bunyod etilgan metro dekoratsiyalar, ustunlar va yorqin nur taratib turgan yoʻllardan iborat. Ular har qanday kishini hayratda qoldirishga qodir sanʼat durdonalaridir”.

Maqolada aytilishicha, yaqin-yaqingacha yer ostida suratga va videoga olish taqiqlangan edi.

Bu esa poytaxt mehmonlari uchun koʻplab noqulayliklar tugʻdirardi. Oʻzbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan ushbu taqiq olib tashlandi. Endi Toshkent aholisi va mehmonlari nafaqat metropoliten chiroyini koʻrishi va zavqlanishi, balki ushbu sanʼat namunalarini oʻz videokameralariga muhrlab, ularni boshqalar bilan oʻrtoqlashishlari mumkin.

Ana shu imkoniyat tufayli bugun ijtimoiy tarmoqlarda “yer osti saroyi”ning koʻplab suratlari joylashtirilmoqda. Bu metroning ommalashuviga va pirovardida respublikaga sayyohlar oqimi ortishiga xizmat qilyapti. “Zamonaviy meʼmorchilik uslublari sharqona anʼanalar asosida ishlangan naqshlar bilan uygʻunlashib ketgan, — deyiladi “National Geographic”da. — Burchaksimon shakllar, oʻtkir va aylanma chiziqlar, maftunkor toʻq koʻk hamda zumradrang “ohang”lar oʻzgacha manzara yaratgan. Har bir bekat takrorlanmas uslubga ega. Mahalliy rassomlar tomonidan shisha, sopol, plastik, marmar, metall va alebastrdan yaratilgan bezaklar koʻzni quvontiradi”.

Sharqning eng qadimiy shaharlaridan biri boʻlmish Toshkent doim sayyohlar eʼtiborini tortib kelgan. Ushbu megapolis orqali oʻarb va Sharq oʻrtasida savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivojlangan. Hatto 1966 yilda sodir boʻlgan zilzila ham shaharning temir irodasini buka olmadi, u qisqa muddatda tiklanib, yanada goʻzallashdi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev nihoyatda muhim islohotlarni boshladi. Mamlakat tashqi dunyoga ochilmoqda. Xalqaro hamjamiyat respublikaning shonli tarixi, betakror madaniyati va meʼmoriy goʻzalligini koʻrishi hamda undan bahramand boʻlishi lozim.

Oʻzbekiston rahbariyati turizmga daromad olishning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtibor qaratmoqda. Viza tartibini soddalashtirishga doir soʻnggi oʻzgarishlar bunga yaqqol misol boʻla oladi. Toshkent — mamlakatning darvozasidir, koʻplab sayyohlar oʻlka boʻylab safarni aynan poytaxtdan boshlaydi. Biz esa Toshkent boʻylab sayohatni uning metropolitenidan boshlashni tavsiya qilamiz”, deb yozadi “National Geographic” muxbiri.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?