Natalya GERMAN: «Mintaqada hal etilishi lozim bo‘lgan qaltis masalalar ko‘lami tobora kamaymoqda»

10:54 29 Mart 2018 Siyosat
589 0

Jahonning taniqli ekspertlari, keng jamoatchilik “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tganini bildirishmoqda. Anjuman uchun tashkil etilgan matbuot markazida tadbir natijalari faol muhokama qilindi. Muxbirimiz BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya GERMANning fikr-mulohazalarini yozib oldi.

— Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi g‘oyasi o‘tgan yil noyabr oyida Samarqandda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan yana bir muhim tadbir — “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro anjumanda vujudga kelgan edi. Mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu forumga, shuningdek, Afg‘oniston -Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy ham taklif qilingandi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish borasida O‘zbekistonda yirik konferensiya o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Toshkent konferensiyasida qatnashgan davlatlar, tashkilotlar tarkibiga e’tibor qaratsak, ushbu tashabbus allaqachon to‘liq qo‘llab-quvvatlanganiga guvoh bo‘lamiz. Ikkita yirik tadbir oralig‘ida Qozog‘iston raisligida Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashida kengaytirilgan darajadagi uchrashuv ham o‘tkazildi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentdagi tadbir formati, maqsad hamda vazifalari haqida aniq axborot berdi. Mazkur tashabbusni Xavfsizlik Kengashining barcha a’zosi qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston oldiga qo‘ygan maqsadiga aniq erishdi. Bunday muhim va nufuzli anjumanni juda qisqa vaqt ichida tashkil qildi. 27 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan oliy darajadagi konferensiyada ishtirokchilar Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.

Mintaqada tinchlik hamda barqarorlikka erishish uchun forumda qabul qilingan chora-tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish kerak. Afg‘oniston Prezidenti -Muhammad Ashraf o‘ani bu tashabbusga xayrixohligini bildirdi.

Barcha ma’ruzachilar uzoq muddatga bo‘lsa-da, integratsiyaga erishish yo‘lida har bir mamlakatning aniq maqsadini bayon etdilar. Davlatlar tomonidan bildirilgan siyosiy iroda natijasida Afg‘onistonni qiyin ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab aniq takliflar o‘rtaga tashlandi. Bular qatorida -Afg‘oniston va Markaziy Osiyoni bog‘laydigan gaz quvuri, temir yo‘l, transport koridorlarini birlashtiradigan uzoq muddatli loyihalarni aytish mumkin. Ularning barchasi Afg‘oniston hamda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Hududdagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish uchun o‘ziga majburiyatni olgan mamlakatlar tashabbusi favqulodda muhimdir.

Yakunda biz siyosiy deklaratsiyani bir ovozdan qabul qilishga muvaffaq bo‘ldik. Bu O‘zbekistonning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning yaqqol ifodasidir. Ishonchim komilki, Toshkent deklaratsiyasini imzolash jarayoni, uning mazmun-mohiyati, ayniqsa, Afg‘onistonda diqqat bilan kuzatildi. O‘ylashimcha, urush va turli nizolardan charchagan afg‘on xalqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi kengayishi ularga katta umid baxsh etdi. Albatta, hamma narsani darhol hal qilishning imkoni yo‘q. Lekin davlatning iqtisodiy o‘sishi hamda aholi ehtiyojini unutmagan holda, jamiyat qurilishini bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur. Bu istiqbol Toshkent deklaratsiyasida va bizning sa’y-harakatlarimizda yaqqol aks etdi.

Agar biz konferensiyada mamlakatlar o‘zaro kelishganidek aniq sa’y-harakatlarni amalga oshirishni boshlasak, barchamiz ko‘p vaqtdan beri orzu qilib kelayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashning doimiy tendensiyasini ta’minlay olamiz. Men O‘zbekiston rahbariyatini bunday muhim tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazgani bilan tabriklayman.

Endi bevosita BMTning Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya bo‘yicha missiyasi haqida to‘xtalsak, biz ancha vaqtdan beri va maqsadli ravishda Afg‘oniston vakillarini mintaqaning beshta davlati bilan o‘tkazadigan barcha tadbirga taklif etib kelamiz.

Bugungi kunda biz hamkorlikning barcha yo‘nalishida izchil faoliyat olib borayapmiz. Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari bilan birga mintaqada parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qator xalqaro tadbirlarni rejalashtirdik. Xususan, ana shunday suhbatlarimizdan biri parlament diplomatiyasini, tinchlikparvar missiyani kengaytirishga bag‘ishlandi. Parlament diplomatiyasi tufayli biz Afg‘oniston parlamentining barcha a’zosini bahs-munozaralarga jalb qilishimiz mumkin. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining vakillik organlarida ayollarning faol ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan tadbir ham rejalashtirilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi odamlarning hayot sifatini yaxshilash, chuqur iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgandir. Zero, mamlakatingizdagi o‘zgarishlar butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Faol tashqi siyosat yaxshi qo‘shnilik munosabatlarida do‘stlik muhitini yaratishga yordam beradi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. Yuqori darajadagi tashriflarni faollashtirish faqat foyda beradi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi davlatlar, ya’ni o‘z qo‘shnilari bilan munosabatlarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratayotgani diqqatga sazovordir. Bu har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, suvdan foydalanish kabi murakkab masalalarni hal qilishga imkon beradi. Hatto yaqin o‘tmishda ham Markaziy Osiyo respublikalarida bu masalalarni muhokama etish qiyin kechdi. Va endi ishonchli hamda ochiq muloqot mavjud. Hal qilinishi lozim bo‘lgan qaltis masalalar ko‘lami borgan sari kamaymoqda. BMT ushbu jarayonning rivojlanishiga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor. Afg‘onistonning mintaqaga jalb etilishi mazkur tendensiyaning mantiqiy davomidir. Agar mintaqa o‘zaro umumiylikni teran anglasa, qo‘shni mamlakat bo‘yicha jarayonlarga -integratsiyalashuvi oson kechadi.

«Xalq so‘zi» muxbiri
Omonulla FAYZIYEV 
yozib oldi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?