Nasrimizning yangi umidlari

11:07 12 Oktyabr 2019 Madaniyat
199 0

Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining “Adiblar xiyoboni”da Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan “Asrimiz umidlari” turkumida chop etilgan 10 nafar ijodkorning kitob taqdimoti oʻtkazildi. Unda taniqli yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos - olimlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oʻzbek adabiyotining zabardast vakillari eʼzozlanib, haykallari qad koʻtargan maydondagi tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyin, Anvar Obidjon, filologiya fanlari doktori Bahodir Karim, taniqli yozuvchi Aziz Said yosh ijodkorga ijodiy parvoz tiladi.

— Prezidentimizning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkorlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida zamondoshlarimizning badiiy obrazlarini yaratish, yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ushbu kitoblar chop etildi, — deydi Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi rahbari Shavkat Yusupov. — Asrimiz umidlari bir yoki oʻn yillik iddao emas, kamida bir asrlik iddaodir. Bu ijodkorlarda yuz yillikning daʼvosi bor. XX asrda qanchadan-qancha buyuk daholar oʻtdi. Shu bois tengdoshlarimiz ham ularga munosib voris boʻlsin, degan niyatda “Asrimiz umidlari” deya nom qoʻyildi.

Fozil Farhod “Koʻklam kuyi”, Xoliyor Safarovning “Nomus va hayot”, Bobo Ravshanning “Tong bilan shom orasida”, Sanjar Tursunovning “Sunbulaning soʻnggi oqshomi” va boshqa toʻplamlar oʻzbek adabiyoti munosib tuhfa boʻldi. Oʻn nafar tiyrak nigoh oʻzining hikoya, qissalarida hayot, inson, tabiat, atrof-muhit, insoniylik, vatanparvarlik va koʻplab muqaddas tuygʻularni qalamga olgan.

— Ijodkor doimo xalqning koʻngil izhorini bayon etuvchi shaxs hisoblangan, — deydi “Tong bilan shom orasida” asari muallifi Bobo Ravshan. — Shu bois har bir ijodkor qaysi davrni qalamga olmasin, avvalo, oʻzi yashayotgan zamon kishilarining taqdiri haqida oʻylaydi. “Asrimiz umidlari” ruknida chop etilgan 10 nafar tengdosh ijodkorlarimizning asarlarida sizu biz bilan yonma-yon yashayotgan insonlar taqdiri qalamga olingan. Ularning oʻy-fikrlari, dunyoqarashi bayon etilgan. Quvonarlisi, tengdoshlarim asarlarini oʻqib, ularning har birida oʻz aytar soʻzi borligidan quvondim. Adabiyot maydoniga haqiqatdan umid bildirsa arziydigan yozuvchilar kirib kelayotganini his etdim.

Yakunda nashriyot tomonidan har biri 3 ming nusxadan chop etilgan kitob mualliflariga qalam haqi va kitoblari topshirildi.

Dilnoza ATOYEVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?