Nasriddinni Buxoroda koʻrdingizmi?

18:57 01 Aprel 2019 Jamiyat
493 0

Mazkur anjumanlarni oʻtkazishdan maqsad xalq ogʻzaki ijodi qahramonlari sanalgan Nasriddin Afandi, Mulla Mushfiqiy, Yortiquloq kabi donishmandlarning zukkolik, hozirjavoblik fazilatlarini targʻib qilish, sayyohlarga Buxoroning turizm yoʻnalishidagi imkoniyatlarini namoyish etish orqali xalqlar oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Qadimiy “Ark” qoʻrgʻonidan “Labi Hovuz” ansambligacha boʻlgan masofada davom etgan dor oʻyinlari, masxarabozlar tomoshalari, milliy oʻyinlar namoyishi, folklor ansambllarning chiqishlari, amaliy va badiiy sanʼat koʻrgazma-yarmarkasi, hajviy rasmlar koʻrik-tanlovi, Sharq taomlari va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari koʻrgazmalari festival shukuhini yanada oshirdi.

— “Nasriddin Afandi” tomoshalarining asosiy qismi Nodir Devonbegi madrasasi old maydoni va Xoʻja Nasriddin haykali oʻrnatilgan bogʻ oʻrtasida oʻtkazildi. Bu yerda Buxorodagi “Afandi Shay” qiziqchilar guruhi, soʻz sanʼati ustalari, askiyachilaru va yosh havaskorlar ijrosidagi ichakuzdi hangomalar, qoʻshiqlar, teatrlashtirilgan tomoshalar xalqimizning betakror kulgi sanʼati imkoniyatlari namoyishiga aylandi. Ayniqsa, Afandi ijrosini qoyilmaqom bajargan teatr sanʼati aktyorlari Bahriddin Roziqov hamda Majid Ochilovning koʻngilochar dasturlar bilan chiqishgani, bevosita bolalar va aholining ham ularga qoʻshilishib, askiyalar qilishgani xalqimizning hajv-mutoyibaga, kulgiga oʻch ekanligini yana bir karra isbotladi, — dedi viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi Yoʻldosh Kenjayev.

Nasriddin afandidan tashqari, Oshiq daroz va Maʼshuq tannoz timsollari, fonusxayol xalq tomoshalari festivalning jozibadorligini oshirdi.

Afandi toʻgʻrisidagi milliy va hajviy filmlar namoyishi, shuningdek, xalqimiz suygan taniqli hajvchi shoir-yozuvchilar ishtirokida hajviy kitoblar taqdimoti, davra suhbatlari va konsert dasturlari mahalliy aholi vakillari hamda sayyohlarga qizgʻin taassurotlar qoldirdi.

— Xoʻja Nasriddin haqida juda koʻp eshitganman. Maydonda oʻrnatilgan quvnoq va haqgoʻy chehrali Xoʻja Nasriddinning haykalini koʻrib, u haqdagi ajoyib latifalar esimga tushdi. Qiziqchilarning chiqishini gidlar tarjima qilib berganidaa miriqib kuldim. Xalqingizning ogʻzaki ijodi boyligiga qoyil qoldim. Buxoroning kulgilari boshqacha ekan ,— dedi Abu-Dabidan tashrif buyurgan sayyoh Mahmud Ali Zaid.

Germaniyalik sayyoh Katarin Olinbergning bildirishicha, Nasriddin Afandini Germaniyada ham yaxshi bilishadi.

— Bir necha yillar oldin “Afandi latifalari” kitobi Germaniyada ham bosilganidan xabarim bor. Bundan tashqari, bugungi festivalda Nasriddin Afandi toʻgʻrisidagi milliy hajviy filmlar namoyishi-yu, soʻz ustalarining hajviy chiqishlari millatingizning madaniy merosi bilan yaqindan tanishishimizga turtki boʻlyapti, — dedi u.

Tomoshalarga kelgan xorijliklarni milliylikning ajralmas qismi boʻlgan taomlar ham juda qiziqtirdi. Bu “Sharq taomlari” festivalida ham namoyon boʻldi. Tadbirda viloyat oshpazlari oʻz mahoratini namoyish etib, ular tayyorlagan turli taomlar mehmonlarga xush yoqdi.

Mohir qiziqchilar, rassomu oshpazlarga, soʻz sanʼati ustalariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Laylo Hayitova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?