Naslchilikdagi notoʻgʻri talqinga mutaxassislar izoh berdi. Aslida holat qanday boʻlgan edi?

17:54 09 Iyul 2019 Jamiyat
653 0

Kecha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Matbuot kotibi Anvar Suyunovning taklifi bilan “Oʻznaslchilik” davlat korxonasiga uyushtirilgan mediaturga borib keldim-u, yozish kerakmi, deb ikkilanib qoldim. Mavzu juda “uzkiy”-da! Shuning uchun shart emas, deb qoʻl siltab ham qoʻydim. 

Gap shundaki, internet nashrlarida eʼlon qilingan “sharmandali” holatga soha mutaxassislari tomonidan izoh berildi, aholida paydo boʻlayotgan turli tushunmovchiliklarga oydinlik kiritildi.

Sunʼiy urugʻlantirishning nafaqat chorvachilik ravnaqi, balki goʻshtchilik-sutchilik rivojidagi ahamiyati gʻoyatda katta ekanligini inobatga olib, axiyri yozishga ahd qildim.

Anglaganingizdek, bu yerda gap internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan naslli qoramollardan urugʻ olishda buqani buqaga “qoʻyish” haqida boryapti.

“Oʻznaslchilik” davlat korxonasi rahbari Olimjon Mamatqulovning aytishicha, keyingi paytda chorva mollarining naslini yaxshilash, ularning mahsuldorligini oshirish maqsadida chorva mollari, xususan, qoramollarni sunʼiy qochirishga jiddiy ahamiyat qaratilyapti. Chunki asosiy qismi aholi qoʻlida boʻlgan 4 million boshdan ortiq sigirlarning mahsuldorligi oʻta past. Qoʻpol qilib aytganda, baʼzilari xorij echkilaridan ham kam sut beradi. Agar ular naslli buqalar urugʻi bilan qochirilsa, mahsuldorlik birinchi avlodda 25 foiz, ikkinchi avlodda 50 foiz osharkan. Lekin yurtdoshlarimizning hammasi ham butun dunyo chorvadorlari allaqachon toʻliq qoʻllayotgan bu usuldan foydalangisi kelmaydi. Nega?

Nega deganda, uning afzalliklarini hali yetarli darajada tushunib yetmagan. Qolaversa, soha mutaxassislari bu xizmati bilan butun respublikamizni toʻliq qamrab olganlaricha yoʻq. Keyingi paytda davlat tomonidan naslli buqalarning qadoqlangan urugʻi aholi qoramollari uchun bepul tarqatilib, veterinariya xizmatlari qamrovi kengaytirilyotgani eʼtiborga molik. Bunda nafaqat respublikamiz, balki mintaqada yagona boʻlgan “Oʻznaslchilik” davlat korxonasi muhim rol oʻynamoqda.

Darhaqiqat, qariyb 65 yillik tajribaga ega mazkur korxonada Golshtin qora ola, Golshtin qizil ola, Angler, Qizil Daniya zoti, Shvis, Simmental, Bushuyev, Angus, Gereford zotli yuzdan ziyod naslli buqa parvarishlanmoqda. Ulardan yiliga oʻrtacha 4,5 million doza urugʻ olinadi. Germaniyadan olib kelingan texnologik liniyalar yordamida laboratoriya tahlilidan oʻtkazilgandan soʻng qadoqlanib, markirovka qilinadi va -196 daraja haroratda saqlanadi.

Xoʻsh, “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilishga doir qonunchilik ijrosi” mavzuidagi mintaqaviy oʻquv seminari ishtirokchilari koʻz oʻngida naslli buqadan urugʻ olish uchun buqani buqaga “qoʻyilgani” rostmi?

— Tadbir qatnashchilari shu soha vakillari emasmi, urugʻ olish, qadoqlash jarayonlarini koʻrsatib berishimizni iltimos qilishdi, — deydi Olimjon Mamatqulov. — Bu — koʻpchilik tasavvuridagi nojoʻya xatti-harakat emas, balki chorvachilik rivoji yoʻlidagi ilmiy jarayon. Bu haqda bilib-bilmasdan gapirish yaramaydi. Vaziyatga baho berish esa mutaxassislarning ishi. Chunki naslli buqalarni urugʻ olishga oʻrgatishning bir necha usullari bor. Chorva mollariga sakratish butun dunyoda qoʻllaniladigan samarali yoʻl hisoblanadi. Oʻsha kuni tashqi omillar, odamlarning koʻpligi, shovqin buqalarga taʼsir koʻrsatib, maneken (maxsus moslamasa)ga sakramadi.Noiloj, dunyo tajribasida sinalgan boshqa usulni qoʻllashga majbur boʻldik. Yaʼni buqa buqaga sakratildi, xolos.

Koʻpchilik bu holatni qabul qilisha olmayapti. Mantiqan toʻgʻri ham. Chunki buqani sigirga sakratish mumkin ediku?

— Xalqaro tajribada buqadan urugʻ olish uchun sigirga sakratish tavsiya etilmaydi, — deya suhbatga qoʻshiladi seleksiyachi olim, akademik Ubaydulla Nosirov. — Bu turli yoʻqotishlarga sabab boʻlishi mumkin. Dunyodagi naslchilik korxonalarning barchasida shu usuldan foydalaniladi. Germaniya, Bolgariya, Vengriya, Xitoy, Rossiyada boʻlganimda oʻzim guvoh boʻlganman. Mana bu ilmiy jurnal Rossiyada chop etiladi. Undagi suratlarga erinmay qarab chiqing. Hammasida buqalarga sakratilgan. Buqalarda jinsiy sezuvchanlik yuqori boʻladi. Baʼzida maneken tugul, sigir tulupiga ham qaramaydi. Ana shunday paytda buqalarga sakratiladi. Bu shov-shuv qiladigan narsa emas.

Qiziq, tabiiy yoʻli boʻla turib, nima sababdan jahon naslchilik tajribasida sunʼiy urugʻlantirishdan foydalanilmoqda?

Mutaxassislarning tushuntirishicha, bu iqtisodiy jihatdan samaralidir. Chunki bitta buqa tabiiy holda yiliga 60 ta sigirni qochirishi mumkin ekan. Bir marta olingan urugʻ dozasi bilan esa 200 bosh sigirni sunʼiy urugʻlantirsa boʻlarkan.

Qolaversa, seleksiya ishlarini keng koʻlamda olib borish imkoniyati tugʻiladi, turli kasalliklar tarqalishining oldi olinadi. Eng muhimi, poda nasli tez yaxshilanib, mahsuldorligi ortadi.

Shu bois yangidan tashkil etilgan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Aholi qoʻlidagi qoramollar naslini oshirish chora-tadbirlari koʻrilayotgan ekan. Soha mutaxassislari buning samaralari esa yaqin yillar ichida yaqqol sezilishini aytishmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?