Naser Busherit: “Jazoir va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar doimo oʻzaro hurmat va doʻstlikka asoslanib kelgan”

14:03 02 Noyabr 2018 Siyosat
637 0

Oʻzbekiston bugun dunyoning barcha davlati bilan doʻstona va yaqin hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat yuritmoqda. Bunday diplomatiya mamlakatimizning xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori yanada oshishi va ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim oʻrin tutyapti.

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi ham Oʻzbekiston bilan aloqalarni izchil faollashtiryapti. 1 noyabr — Jazoir milliy bayrami munosabati bilan ushbu davlatning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naser Busheritdan intervyu oldik. Gazetamizning ushbu sonida ana shu suhbatni oʻqishingiz mumkin.

— Elchi janoblari, Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holatini qanday baholaysiz?
— Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar doimo oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamkorlikka asoslanib kelgan.

Bugungi rivojlanish va munosabatlar xususida soʻz borganda, Jazoir Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olganini va Toshkent­da oʻz elchixonasini ochganini qayd etish darkor. Bu Jazoirning mamlakatingiz bilan barcha, xususan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ­ekanidan dalolatdir.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizning tashqi siyosatni shakllantirishda oʻzaro ishonch tamoyillariga sodiq ekani uzoq muddatli, mustahkam va samarali munosabatlarni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Ayni kunda davlatlarimiz mintaqaviy va xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki doirasida bir-birini faol qoʻllab-quvvatlab kelyapti.

Yaqinda Oʻzbekiston va Jazoir davlatlari rahbarlari oʻzaro maktub almashishdi. Unda Prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish istagini bildirdi. 2019 yil oʻzaro hamkorlikda yangi sahifalar ochadigan muhim tashriflarga boy boʻlishi kutilmoqda.

Shu maʼnoda, bugun oʻzbekistonlik hamkasblar bilan mamlakatlarimiz yetakchilarining ezgu intilishlarini toʻliq amalga oshirish, oʻzaro munosabatlarni xalqlarimiz manfaatlariga mos ravishda yuqori darajada qaror toptirishga qaratilgan taklif va lo­yihalarni ishlab chiqishga tayyormiz.

— Mamlakatlarimizning iqtisodiy sherikligi istiqbollari haqida nima, deya olasiz?
— Oʻzbekistonda 2015 yildan beri faoliyat yurityapman. Aytish mumkinki, keyingi ikki yilda yurtingizda muhim ijobiy oʻzgarishlar, xususan, iqtisodiy sektorda qator yangilanishlar boʻldi. Bu Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik faoliyati bilan bevosita bogʻliq. Valyuta siyosatining erkinlashtirilishi, mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatida ochiqlik tamo­yilining ustuvor ahamiyat kasb etishi va chet el investitsiyasini jalb qilishga qaratilgan islohotlar shular jumlasidandir.

Bunday yangilanishlarni xayrixohlik nuqtai nazaridan kuzatib boramiz va Oʻzbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni koʻp qirrali asosda rivojlantirishdan manfaatdormiz. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatlashmaydi, aksincha bir-birini toʻldiradi. Shunday ekan, ilgʻor tajriba va yuksak inson kapitaliga ega Jazoir tajribasi va “nou-xau”lari bilan boʻlishish istagidamiz.

Jazoirning “Sonatrak” neft-gaz milliy kompaniyasi doimiy ravishda dunyodagi yetakchi korxonalar reytingi oʻntaligida qayd etiladi. “Sonatrak”ning savdo aylanmasi 2017 yilda 35 milliard AQSH dollariga yetdi. ­Jahon bozoriga chiqish borasidagi yangilangan siyosati tufayli kompaniya qator xorijiy davlatlarda oʻz fao­liyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Qayd etish darkor, bunday hamkorlikni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan “Sonatrak” neft-gaz kompaniyasi oʻrtasida yoʻlga qoʻyish imkoni mavjud. Shuningdek, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, elektronika, maishiy texnika ishlab chiqarish sohalarida ham xalqaro darajadagi faol tadbirkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻz navbatida, Jazoir Oʻzbekistonning toʻqimachilik sohasidagi tajribasidan foydalanishi mumkin. Yurtimizda milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan siyosat mamlakatimiz ishbilarmonlarini yangi sarmoyaviy imkoniyatlar izlashga undamoqda. Shu nuqtai nazardan, yurtingizdagi turizm, kasanachilik va hunarmandchilik kabi jadal rivojlanayotgan faoliyat turlari jazoirlik biznes doira vakillari uchun istiqbolli sheriklik tarmoqlariga aylanishi mumkin.

Ikki mamlakat oʻz mintaqasida muhim geografik joylashuvga ega. Jazoir Janubiy Yevropaga yaqin joyda joylashgan va Afrika bozoriga kirish uchun oʻziga xos eshikdir. Mamlakatda yoʻllar, portlar va aeroportlar infratuzilmasiga ulkan investitsiyalar jalb qilingan. Bu, oʻz navbatida, yuz millionlab isteʼmolchilarga ega mintaqada asosiy logistika bazasini tashkil qilishga zamin yaratgan. Xuddi shunday Oʻzbekiston ham shiddat bilan rivojlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi markazida joylashganini qayd etish kerak. Ushbu hududda tashabbuskori Xitoy boʻlgan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi amalga oshirilayotgani va Oʻzbekistonning undagi faol ishtiroki jazoirlik ishbilarmonlarni mamlakatingizga keng jalb qilishga sharoit tugʻdiradi. Bu jihatlar ikki mamlakat kompaniyalari uchun xalqaro ­miqyosda rivojlanish va jahon iqtisodiyotiga samarali integratsiyalashuvni taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston va Jazoirda tashkil qilinadigan yarmarka, koʻrgazmalarda mamlakatlarimiz vakillarining muntazam ishtirokini taʼminlash kerak. Shu maʼnoda, 2019 yilning iyun oyida yurtimizda oʻtadigan 52-Jazoir ­xalqaro yarmarkasiga Oʻzbekiston vakillarini taklif qilamiz. Bu milliy brendingizni Afrikaning oʻnlab mamlakatlari, qolaversa, AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlariga keng targʻib qilish imkonini beradi.

— Mamlakatlarimizning madaniy sohadagi hamkorligi xususida ham toʻxtalsangiz.
— Ushbu soha Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasida oʻzaro almashinuvlar va muloqotlar muntazam davom etayotgan muhim yoʻnalishlardan biridir. Oʻzbek sanʼati ustalari Jazoirdagi madaniy tadbirlarda doimiy ishtirok etganidek, yurtimiz madaniyat sohasi namoyandalari ham mamlakatingizdagi nufuzli musiqa festivallarida muntazam qatnashib kelmoqda.

Jumladan, joriy yilning 6 — 10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida mamlakatimizning Andalusiya musiqa guruhi anʼanaviy musiqiy chiqishlari bilan ishtirok etdi.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida elchixonamiz Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston — Jazoir doʻstlik jamiyatini tuzish tashabbusi bilan chiqdik va bu loyiha iliq kutib olindi.

Ishonchim komilki, Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasidagi doʻstona aloqalar yanada rivojlanib, har bir sohada mustahkam hamkor darajasiga koʻtariladi.
— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.
Sh. ULUGʻOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?