Narpayga 4 dona paxta terish mashinasi zamonaviy traktor va tirkamalar keltirildi

14:14 19 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
170 0

Ayni kunlarda samarqandlik dehqonlar mavjud 75 ming 580 gektar maydonda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda yigʻib-terib olish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlarini qizgʻin olib borishmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga sanoat asosida yondashuvni joriy etish maqsadida klaster korxonalari tashkil etilganligi sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda namoyon boʻlmoqda. Klaster korxonalari tomonidan zamonaviy paxta terish mashinalari, qishloq xoʻjaligi texnikalari, tirkamalar keltirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Xususan, Narpay tumanidagi «Maroqand sifat» MCHJ tomonidan Xitoydan 4 dona zamonaviy paxta terish mashinasi, Turkiyadan 20 dona traktor hamda 12 dona zamonaviy tirkamalar keltirildi.

— 2020-yil hosili uchun klaster korxonasi tomonidan jami 10 ming 762 gektar yer maydonida paxta yetishtirilmoqda, — deydi «Maroqand sifat» MCHJ direktori Jahongir Ismatov. — Shu maqsadda 223 ta fermer xoʻjaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari imzolandi. Mavsumda 33 ming 430 tonna sanoat xom ashyosi qabul qilib, 10 ming tonnadan ziyod sifatli tola tayyorlash rejalashtirilgan.

Paxta yigʻim-terim mavsumini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash maqsadida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari, tirkamalar, butlovchi qismlar keltirish yuzasidan amaliy tadbirlar olib borilmoqda. Hozirga qadar Turkiya, Xitoy va Amerika Qoʻshma Shtatlarida ishlab chiqarilgan 6 ta zamonaviy paxta terish mashinasi keltirildi. 2019 va 2020-yillar davomida Jamiyat tomonidan 54 milliard soʻm mablagʻ evaziga jami 127 ta qishloq xoʻjaligi texnikalari, tirkamalar va butlovchi mexanizmlar keltirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?