Narbayeva masofaviy taʼlimning texnologiyalarini taʼlimning barcha bosqichlarida rivojlantirish lozimligini taʼkidladi

12:39 07 Avgust 2020 Siyosat
399 0

Xabar berilganidek, bugun boʻlib oʻtayotgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Parlament yuqori palatasi Raisi mazkur Qonundagi ayrim jihatlarga hamda mamlakatimizda taʼlim tizimidagi baʼzi muammo va kamchiliklarga eʼtibor qaratdi.

– Avvalo, ushbu Qonun taʼlim sohasidagi islohotlarimizning mustahkam huquqiy asosi boʻlib xizmat qilishini unutmaslik kerak, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Qolaversa, taʼlim sifati, u qaysi bosqichda, qanday shaklda, kim tomonidan berilmasin, eng ustuvor mezon boʻlishi shart. Taʼlimda, ayniqsa, umumiy oʻrta taʼlim bosqichida kasbga oʻrgatishga jiddiy qarash lozim. Kasbga tayyorlash tizimi uygʻun va moslashuvchan boʻlishi kerak. Zamon talabi, yaʼni mehnat bozori talabidan kelib chiqib bolalarimizni zamonaviy kasblarga tez va sifatli tayyorlashimiz kerak.

Masofaviy taʼlim shaklini, uning texnologiyalarini taʼlimning barcha bosqichlarida rivojlantirishimiz lozim. Yil boshidan beri davom etib kelayotgan pandemiya mamlakatimizda masofaviy taʼlim tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish zaruratini koʻrsatdi.

Masofaviy taʼlim berish boʻyicha oʻqituvchi va murabbiylar koʻnikmalarining yetarli emasligi, oʻquvchi va oʻqituvchi oʻrtasidagi qayta aloqa mexanizmining yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi, respublikaning uzoq hududlariga yuqori tezlikdagi simli internet tarmogʻining yetib bormaganligitaʼlim sifatini tushirmoqda. Shu bois Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizda masofaviy taʼlim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq.

Yana bir jihat. Taʼlim tizimini, ayniqsa oliy taʼlimni korrupsiya illatidan butkul xalos etish lozim. Tahlillarga koʻra, oliy taʼlimda korrupsiya holatlari deyarli barcha bosqichlarda – talabalikka qabul qilishdan tortib, oʻqish jarayonidagi sinovlar, talabalarning oʻqish joyini koʻchirishgacha boʻlgan bosqichlarda keng tarqalgan. Bu kabi holatlar taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatibgina qolmay, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarining xalqaro reytingdagi oʻrnini ham tushirmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda birorta ham oliygohimiz dunyodagi kuchli 1 000 ta universitetlar reytingiga kira olmagan. Respublikamizdagi eng katta oliygoh – Oʻzbekiston milliy universiteti ham jahonning 30 mingga yaqin oliy oʻquv yurtlarining global reytingini tuzuvchi Vebometriks xalqaro reytingida 3 971-oʻrinni, boshqa reytinglarda esa 4 080-oʻrinda turadi.

Shuning uchun ham Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda jahon universitetlari reytinglarida respublikamiz oliy oʻquv yurtlari oʻrnini oshirish boʻyicha jiddiy choralarni koʻrishlari lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?