Nanay, “Suffa”, Omonxona, endi navbat “Doʻstlik” va “Shovot”gami?

11:15 15 Avgust 2019 Jamiyat
94 0

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mamlakatda turistik infratuzilmani rivojlantirish, hududlarda zamonaviy turistik maskanlarni bunyod etish va turizm sohasiga investorlarni jalb etish boʻyicha katta ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, ushbu yoʻnalishlardagi xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda xalqaro miqyosdagi zamonaviy bosh rejalar tuzish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Turkiyaning shaharsozlik, arxitektura va muhandislik yoʻnalishida faoliyat yurituvchi IDEALIST kompaniyasi bilan hamkorlikda Namangan viloyatining Nanay sayyohlik zonasi, Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Suffa” masjidi, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlogʻi loyihalari amalga oshirildi. Taʼkidlash joizki, IDEALIST kompaniyasi Turkiyada 3 ta changʻi markazi, Kayseri togʻ-changʻi kurorti, shuningdek, Kipr va Moldovada boshqa sayyohlik loyihalarini amalga oshirgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, respublikada bundan avval amalga oshirilgan loyihalashtirishga doir muvaffaqiyatli tajribadan kelib chiqib, xalqaro kompaniyalarni “Shovot” kichik turistik zonasi hamda Sirdaryo viloyati “Doʻstlik” kanali boʻyida joylashgan kichik turistik zona bosh rejasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Sirdaryo viloyati “Doʻstlik” kanalining Guliston shahri hududidan oʻtadigan qismi boʻyicha loyiha, Xorazm viloyatining “Shovot” kanali loyihasi boʻyicha IDEALIST kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida bosh reja loyihasini tayyorlash Oʻzbekistonga chet el investorlarini jalb qilish imkoniyatini yanada oshirishga turtki beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?