Namunali oliy taʼlim muassasasi qanday boʻlishi kerak?!

15:31 11 Noyabr 2019 Madaniyat
349 0

Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan yoshlarga oid davlat siyosatini takomil­lashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha muhim hujjatlar qabul qilindi, amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi, muayyan natijalarga erishildi. Shunday boʻlsa ham, bu borada bajariladigan ishlar hamisha keng koʻlamli boʻlib, oʻz dolzarbligini saqlab qola­veradi. Shu nuqtayi nazardan, Prezi­dentimiz rahbarligida 2019-yil 19-martda “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texno­logi­yalari, kitob oʻqishga qiziqi­shini oshirish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish toʻgʻrisida” oʻtkazilgan video­selektor yigʻilishida yosh­larni rivojlantirishga qara­tilgan ma­sa­lalar muhokama qilindi va sohalarga taalluqli 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ana shu besh tashabbus amaliy natijasini koʻrsatayotgan porloq maskandir. Shu kunga qadar universitetda talaba qizlar uchun tikuvchilik, pazandachilik toʻgaraklari maxsus jihozlangan xonalarda tashkil etilgan, Abroʻ sanʼati va rassomlik toʻgaraklari iqtidorli talabalarga oʻz quchogʻini ochgan. Sanʼatsevar talabalar uchun “Navoiy vorislari” nomli talabalar teatr studiyasi,musiqa toʻgaraklari faoliyatini boshlagan. Kuni kecha esa universitetda “Ona va bola xonasi” hamda talaba qizlar uchun “Goʻzallik va nafosat” toʻgaraklari oʻz ishini boshladi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro OTM maqomini qoʻlga kiritish yoʻlida jadal odimlamoqda, bugungi kunda universitetning 50 dan ortiq xalqaro hamkorlari mavjud. Har bir talabamiz oʻzining tashqi va ichki dunyosining goʻzalligi, dunyoqarashining kengligi bilan xorijlik mehmonlarda iliq taassurot uygʻotishi va oʻzbek yoshlarining umumiy qiyofasini belgilab berishi zarur. Shularni inobatga olgan holda goʻzallik salonining ahamiyati beqiyos, ushbu salon talaba qizlarning tashqi koʻrinishlari bilan birga ularning nafosat ham tuhfa etishi tayin.

Universitetning koʻp sonli talabalari qizlardan iborat. Koʻp hollarda talaba qizlarimiz yosh ona ham hisoblanadilar. Onalik masʼuliyatli davr, shu qatorda oliy taʼlim ham oʻziga yarasha zahmatni talab etadi. Talabalar va yosh bolali professor-oʻqituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan ona va bola xonasi koʻplab ana shunday muammolarga yechimdir. Bundan tashqari har bir qavatda talabalar uchun dam olish va tamaddi qilish uchun sharoitlar yaratildi. Muzlatkich, mikrotoʻlqinli pech va televizor bilan jihozlangan dam olish maskanlari ham talabalar ixtiyoriga topshirildi. Kitobsevar yoshlarimiz uchun kutubxona va kovorking markazidan sevimliroq joy yoʻq.

Bir soʻz bilan aytganda, asrimizning namunali universiteti qanday boʻlishi kerak degan savolga javob topishni istasangiz, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga marhamat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?