Namanganliklar “Yoshlar va qonun” tanlovida peshqadam boʻldi

16:51 25 Iyun 2019 Jamiyat
306 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamkorligida Respublika miqyosida barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tahsil oluvchi voyaga yetmaganlar oʻrtasida “Yoshlar va qonun” tanlovi tashkil etildi. Unda 8 ming 973 ta taʼlim muassasalaridan jami 1 million 987 ming 586 nafar maktab oʻquvchilari qamrab olindi.

Aprel-may oylarida oʻtkazilgan hududiy bosqichlarda gʻoliblarga tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmalar taqdim etilgandi. Kuni kecha poytaxtimizdagi “Yoshlar press klubi” da “Yoshlar va qonun” tanlovining respublika bosqichiga start berildi. Tanlov shartlari boʻyicha Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida tashkil etildi. Ishtirokchilar “Sud majlislari” modeli, “Huquqiy savol-javob”, “Videorolik taqdimoti” hamda “Huquqingni angla!” kabi 4 shart asosida bellashdi.

Oʻquvchilar tanlov davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, deputatlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “Yoshlar komissiyasi” aʼzolari bilan uchrashuvlarda samimiy muloqot qilishdi.

Tanlov natijalariga koʻra, Namangan viloyatining “Sharaf” jamoasi 90 ballni jamgʻarib, mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.Samarqand viloyatining “Tafakkur” jamoasi 86 ball bilan 2-oʻrinni egalladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Femida” jamoasi esa 85 ball bilan 3-oʻringa sazovor boʻldi.

Gʻoliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mazkur tanlov taʼlim muassasalari oʻquvchilarining huquqiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillariga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirib, qonun buzilishi va korrupsiya holatlariga murosasizlik hissini uygʻota oldi.

Shaxnoza Nurullayeva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?