Namanganlik uch oʻquvchi Ispaniyada oʻtkazilgan onlayn festivalda  faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi

18:04 11 Iyun 2020 Madaniyat
167 0

Musiqa va sanʼatga oshnolik bolalikdan boshlanadi. Namanganlik oʻquvchi-yoshlar orasida ham ana shunday isteʼdodlar bisyor. Ulardan uch nafari Ispaniyada oʻtkazilgan onlayn festival-tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi. Dunyoning 120 davlatidan vakillar ishtirok etgan “World Art Games” shiori ostidagi mazkur tanlovda Namangan shahridagi 1-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabining 7-sinf oʻquvchisi Ahrormirza Rahmonov 13 - 15 yosh toifasida skripka hamda fortepiano yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etdi. Uning har ikki yoʻnalishdagi ijro mahorati birinchi oʻringa loyiq topildi.
 

Shahardagi 52-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi Sevara Ummataliyeva fortepiano yoʻnalishida 10 - 12 yosh toifasida 2-oʻringa sazovor boʻldi.


Uning ukasi, xuddi shu maktabning 4-sinf oʻquvchisi Otabek Ummataliyev esa xalq cholgʻulari prima-rubob yoʻnalishida 10 - 12 yoshli tengdoshlari bilan boʻlgan bahslarda 2-oʻrin sohibiga aylandi. Ishtirokchilarning har biri xalqaro toifadagi diplom bilan taqdirlandilar. Eʼtiborlisi, festival-tanlov gʻolibi Ahrormirza Rahmonov joriy yil soʻnggida Ispaniyada oʻtkaziladigan tantanali taqdirlash marosimida ishtirok etadi.
 

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?