Namanganlik olim Rossiyada maʼruza oʻqidi

18:03 18 Iyun 2019 Jamiyat
257 0

Oʻtgan yili poytaxtimizda tashkil etilgan “Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi”da Kostichev nomidagi Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi.

Yaqinda mazkur shartnoma asosida Namangan muhandislik-texnologiya instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Rustamjon Isroilov va institutning avtomatika va energetika fakulteti dekani Aʼzam Mamaxanovlar Rossiya Federatsiyasining Ryazan oʻlkasiga tashrif buyurdilar. Delegatsiya aʼzolari bu yerda universitet tomonidan tashkil etilgan “Agrar sohani innovatsion rivojlantirishda fan-taʼlimning roli” mavzusidagi 70-xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida faol ishtirok etdilar.

Qayd etish joizki, NamMTI oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Rustamjon Isroilov mazkur nufuzli anjumanning yalpi majlisida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni takomillashtirish” mavzusida maʼruza qilib, koʻpchilik xorijiy mutaxassislar eʼtiborini qozondi. Tadbir yakunida namanganlik olimga Ryazan universiteti rektorining “Anjuman ishidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik xati” topshirildi.

Maʼlumot oʻrnida, Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti 1949-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda 6 ta fakultetda 5 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. Ushbu oliy taʼlim muassasasi Rossiya rivojlanishida oʻziga xos oʻringa ega boʻlib, uning professor-oʻqituvchilari mamlakat agrar sohasini taraqqiy etishiga beqiyos hissa qoʻshganlar. Universitetda oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati 80 foizdan yuqorini tashkil etib, birgina joriy yilning oʻzida 54 ta ishlanma uchun patent olingan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?