Namanganlik maktab bitiruvchisi 12 ta oliygoh talabasi boʻldi

09:36 13 Avgust 2020 Jamiyat
513 0

Yoshlar – ertamiz egalari. Ularning har tomonlama chuqur bilim egallashi, ilmu maʼrifatli, intellektual salohiyatli inson boʻlib kamol topishi istiqbolimiz kafolati demakdir. Koʻplab farzandlarimizning shuni his qilgan holda yuksak marralar sari intilayotganliklari eʼtirofga loyiq. Uchqoʻrgʻonlik Saydullo Fazliddinov ham oʻz iqtidori bilan ajralib turadigan yoshlardan. U joriy yilda tumandagi 6-DIMIning 11-sinfini tamomladi. Tirishqoq va izlanuvchan yigitning erishgan muvaffaqiyatiga kishining havasi keladi. S. Fazliddinov bir vaqtning oʻzida xalqaro va yurtimizning nufuzli 12 ta oliygohiga talabalikka qabul qilindi. Ular orasida Hindiston Sharda Universiteti, Britaniya menejment Universiteti, Vebster Universiteti, Kembridj kolleji, Janubiy Koreya Universiteti, Latviya ISMA Universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro menejment universiteti (Internatsional management University of Central Asia), Janubiy Koreya TEAM (TEAM) universiteti, Amiti Universiteti, Inxa Universiteti, (Management Development University of Singapore) MDIS Universiteti, Akfa Universiteti singari oliy taʼlim muassasalari bor.

Boshqa tengdoshlaridan ancha avval talaba maqomiga erishgan Saydullo maktab davridayoq oʻqish va odobi bilan barchaga namuna boʻlib kelgan. U mamlakatimiz miqyosida oʻtkazilgan koʻplab xalqaro tanlovlarning faol ishtirokchisi. Xususan, “Kenguru” xalqaro matematika tanlovida qatnashib, sertifikatni qoʻlga kiritgan. Qolaversa, shu yil oktyabr oyida Avstraliyada oʻtkaziladigan matematika olimpiadasining final bosqichida ham ishtirok etadi.

Namanganlik yana bir bitiruvchi — viloyat markazidagi 34-umumtaʼlim maktabida tahsil olgan Dovudxon Alijonov ham bir vaqtda 10 ta xorijiy OTM talabasiga aylandi. Endi u Vestminster , Vebster, Hindiston Sharda , MDIS , Koreya YODJU Universitetlari hamda Kembridj xalqaro kollejida oʻqish huquqiga ega.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?