Namanganga bir millionta kitob yetkazib berilаdi

14:09 10 Mart 2019 Jamiyat
413 0

Maʼlumki, shu yil 28 fevral — 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan tanishibgina qolmasdan, joylardagi holatni yaxshilash yuzasidan bir qator aniq topshiriq va tavsiyalar ham berdi. Xususan, aholi oʻrtasida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar sifati va saviyasini yanada yuksaltirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda “Namanganni eng yaxshi kitobxon viloyatga aylantiramiz!” shiori ostida keng miqyosli aksiya oʻtkazish taklif etildi.

Mazkur gʻoyani Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi hamda boshqa qator manfaatdor tashkilot va idoralar ham qoʻllab-quvvatladilar. Viloyatdagi kutubxonalarga begʻaraz yordam sifatida bir million dona kitob yetkazib berishga qaror qilindi. Ushbu badiiy adabiyotlar yuklangan “karvon” kecha Namanganga yetib keldi. U karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi.

Shu munosabat bilan viloyat markazidagi “Adiblar xiyoboni”da tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, talabalar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Anjumanda soʻzga chiqqan viloyat hokimining oʻrinbosari Paxriddin Matkarimov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Ibrat maktabi oʻquvchisi Dilshoda Hakimova va boshqalar kitobning jamiyat taraqqiyotidagi va har bir kishining shaxsiy hayotidagi ulkan ahamiyatini qayd etdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari Farhod Mahmudov bir million dona kitobni viloyat ahliga begʻaraz taqdim etish haqidagi sertifikatni topshirdi.

Tadbirda viloyat oliy oʻquv yurtlarining kitobxonlik koʻrik-tanlovlarida yuqori natijalarga erishgan talabalari maxsus sovgʻalar — yangi nashr etilgan kitoblar toʻplami bilan mukofotlandi.

Nurbek Abdullayev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?