Namanganga 9 oy ichida 300dan ortiq xorijiy investor va tadbirkor tashrif buyurdi, bu yetarlimi?

10:38 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
232 0

Namangan viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati “Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari” qoʻmitasining sayyor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar boʻyicha respublika Tashqi ishlar vazirligining hisoboti eshitildi.

2019- “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi ijrosi doirasidagi vazifalarning izchil ijrosi natijasida hudud iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish xajmi muttasil ortib borayotgani koʻzga tashlanadi. Bunda Davlatimiz rahbari tomonidan mazkur yoʻnalishda viloyatga masʼul etib biriktirilgan Tashqi ishlar vazirligining koʻmagi muhim omil boʻlayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.

Qoʻmita yigʻilishida hisob bergan mazkur vazirlik bosh boshqarmasi boshligʻi Ashraf Xoʻjayev oʻz axborotida joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi mobaynida viloyatga 300 dan ortiq xorijiy sarmoyador va tadbirkorlar tashrifi uyushtirilganini aytib oʻtdi.Xususan, mamlakatimizning chet ellardagi elchixonalari tomonidan tashkil etilgan 20 dan ortiq xizmat safarlari davomida viloyatning iqtisodiy salohiyati hamda tabiiy va mehnat resurslari oʻrganib chiqilib, ichki bozor talabini tahlil qilish natijasida bir qator maqsadli ivvestitsiya loyihalari ishlab chiqildi.

Oʻz navbatida elchixonalar tomonidan viloyat shahar va tumanlar hokimligi, tadbirkorlarning xorijiy davlatlarga uyushtirilgan 30 dan ortiq safarlari ham oʻz natijasini bermoqda. Bunga, jumladan, Namangan shahar hokimi Sh. Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokiston Respublikasi, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A. Kamolov rahbarligidagi delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasi uch viloyatiga tashrifini misol qilib koʻrsatish mumkin.

Aytish lozimki, respublika Prezidentining joriy yil 28-fevral-1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollariga teng (shundan 915 million AQSH dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar) 48 ta loyiha taqdimoti oʻtkazilib, ular ijrosiga jadal kirishilgani mazkur yoʻnalishdagi ishlarga joʻshqinlik bagʻishladi.

Maʼlumki, shu yilning iyun oyida Namanganda birinchi bor xalqaro investitsiya forumi oʻtkazildi. Uch kun davom etgan anjumanda dunyoning 30 davlatidan kelgan 350 dan ziyod ishbilarmonlarning katta qismi viloyatda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagini bildirdi. Pirovardida, umumiy qiymati 358 million AQSH dollariga teng 48 ta loyiha imzolandi.

Bundan tashqari elchixonalar va viloyat hokimligi hamkorligida 603 million AQSH dollari qiymatida 103 ta qoʻshimcha loyiha ishlab chiqilmoqda. Ular asosan energetika, neft-gaz kimyo, togʻ-kon, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, qurilish va farmatsevtika, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, logistika, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida amalga oshiriladi.

Elchixonalar va viloyat hokimligining maʼlumotlariga koʻra, yilning oʻtgan davrida barcha loyihalar doirasida 200 million AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Bu koʻrsatkich yil oxiriga qadar 300 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Eksport yoʻnalishidagi keng qamrovli saʼy-harakatlar natijasida yangi bozorlar oʻzlashtirilayotganini aytib oʻtish lozim. Misol uchun,Namangan zaminida yetishtirilgan gilos mevalari elchixona koʻmagida ilk bor Buyuk Britaniyaga yetkazib berildi. Pokiston bilan esa tekstilmahsulotlari hamda dukkakli don eksporti yoʻlga qoʻyildi.

Turizm sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.Chunonchi, “Axsikent” ochiq osmon ostidagi muzeyini xorijiy sayyohlik kompaniyalari orqali keng targʻibot qilinmoqda.

Viloyatning infratuzilmasini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari doirasida Avstriya davlatidagi elchixonamiz tashabbusi bilan hudud suv taʼminotini rivojlantirish uchun OPEK jamgʻarmasining 54 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli krediti jalb qilindi.

Investitsion loyihalar koʻpaygani yaxshi, biroq, ular natijadorligi bilan qimmatli ekanligini unutmaslik kerak. Hisobotda bu borada bir qator tanqidiy fikrlar bildirildi.

- Umumiy qiymati 188 million AQSH dollariga teng 17 ta loyiha ijrosi kechiktirilayotgani, 314 ming AQSH dollari qiymatidagi 13 ta loyiha esa turli sabablarga koʻra amalga oshirilmayotgani ustida jiddiy bosh qotirish lozim,- deb taʼkidladi B. Xoʻjayev.

Yigʻilishda Namangan viloyat hokimligi rahbarligida tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruhi shakllantirildi. U joriy yil noyabri yakuniga qadar maxsus strategiya, “Yoʻl xaritasi” va hududlar potensial investitsion yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi hujjatlarni viloyat hokimligiga taqdim etadi. Bundan tashqari,viloyat investitsiyaviy salohiyatini keng targʻib qilishga yoʻnaltirilgan “Yagona darcha” koʻrinishidagi axborot portalini yaratish, agrologistika markazlarini koʻpaytirish,Namangan xalqaro aeroportiga “ochiq osmon” maqomini berish, viloyat hokimiyatiga boy tajribaga ega boʻlgan xorijiy maslahatchini jalb etish singari masalalar yuzasidan takliflar bildirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?