Namangandagi yopiq suv havzalarida koreyaliklar bilan hamkorlikda forel baligʻi  yetishtiriladi

11:30 01 Noyabr 2019 Jamiyat
204 0

“Namangan baliqsanoat” MCHJ hamda viloyatdagi qator baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlaridan iborat delegatsiya ikki hafta davomida Koreya Respublikasining turli provinsiyalarida boʻlib, karp, kambala, forel singari baliq turlarini intensiv yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari, baliqlarni mahalliylashtirish usullari, suv havzalari qurishning tejamkor texnologiyalari, sohada veterinariya boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan tanishdilar.

Tashrif doirasida Janubiy Koreya Ichki suvlar ilmiy-tadqiqot institutida yangi baliq turlarini yetishtirish, zotini yangilash, ularni mahalliylashtirish, kasalligining oldini olish, yuqori proteinga boy granulangan ozuqasini ishlab chiqarish,akvakultura masalalari boʻyicha uchrashuv oʻtkazildi. Viloyatdagi baliqchilik xoʻjaliklari mutaxassislariga malaka oshirish seminari tashkil etish uchun ushbu institut olimlarining Namanganga keladigan boʻldi.

Delegatsiya tashrifi chogʻida koreyalik hamkorlar bilan qator shartnomalar imzolandi. Jumladan, “Namangan baliqsanoat” MCHJ bilan Koreya forel yetishtiruvchi fermerlar Assotsiatsiyasi oʻrtasida imzolangan qiymati 1,1 mln. AQSH dollariga teng hamkorlik memorandumi doirasida Namangan viloyatida yopiq suv havzalarida forel baligʻi yetishtiriladi. Memorandum, shuningdek, laboratoriya hamda inkubatsiya sexi qurish, chavoq chiqarish, baliqni qayta ishlash, tashish, saqlash, muzlatgich oʻrnatish, suv havzalari tashkil qilish maxsus texnikasi bilan taʼminlash masalalarini ham oʻz ichiga olgan.

Koreyaning “Leaders international Co ltd” kompaniyasi esa viloyatdagi 4 ta fermer xoʻjaligi bilan hamkorlik memorandumini imzolandi. Shuningdek, Chonson provinsiyasidagi “Rainbow Trout” forel baliqchiligi korxonasi bilan Norin tumanidagi “ Gold Fishing “ baliqchilik fermer xoʻjaligi oʻrtasida Namanganga 2,0 mln. AQSH dollaridan ziyod investitsiya kiritib, intensiv usulda forel baligʻi yetishtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Imzolangan hujjatlar orasida Koreyadan qiymati qariyb 1,2 mln. AQSH dollaridan ziyod baliq tashish, havza qazish, granulangan baliq yemi ishlab chiqarish texnika va texnologiyasini xarid qilish boʻyicha shartnoma ham bor.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?