Namangandagi Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazi butkul yangilanadi

21:18 01 Mart 2019 Jamiyat
917 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi https://t.me/aimcuz rasmiy kanalida maʼlum qilinishicha, Agentlik Namangandagi Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazi binosi va u joylashgan hududni rekonstruksiya qilish, axborot-kutubxona markazini tubdan modernizatsiyalash boʻyicha keng qamrovli loyiha tayyorlagan.

Foto: AOKAdan olindi.

Namangan shahrida joylashgan, Nodirabegim nomidagi mazkur axborot-kutubxona markazi tashkil topganiga bu yil 100 yil toʻldi. 570 mingdan ortiq kitob fondiga ega ushbu ziyo maskani barcha axborot-resurs markazlariga uslubiy koʻmak berib kelmoqda.

Kutubxonada qulay shart-sharoit yaratish, kitobxonlarga zamonaviy andazalarda xizmat koʻrsatishga erishish zamon talabiga aylangan.

Foto: AOKAdan olindi.

Agentlik tomonidan tayyorlangan loyiha asosida endilikda bu ziyo majmuasi:

— mamlakatimiz nashriyotlarida chop etilayotgan kitoblar va chet el yozuvchilarining asarlari bilan yanada boyitiladi;

— bu yerda zamonaviy telekommunikatsiyalar yordamida masofadan turib mamlakatimiz va ilgʻor xorijiy davlatlar kutubxonalaridagi resurslardan foydalanish imkoniyati, kitobxonlarga bilim va axborot olishlari uchun shinam sharoit yaratiladi;

— oʻquv hamda anjumanlar zallari koʻrkam va bejirim koʻrinishga ega boʻladi.

Qisqacha aytganda, kutubxona hozirgidan ikki barobar koʻp foydalanuvchiga xizmat koʻrsata oladigan darajaga yetkaziladi.

Foto: AOKAdan olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur loyiha bilan tanishar ekan, uni qoʻllab-quvvatlashini, jumladan, ushbu maʼnaviy qimmatga ega loyihani qisqa muddatda amalga oshirish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, qariyb yarim gektarga teng maydonda joylashgan kutubxona tevaragi kitob mutolaasiga qulay va osoyishta boʻlishi lozimligini qayd etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?