Namangandagi kutubxonaga “Nodira” nomini kim bergandi?

11:37 21 May 2020 Madaniyat
152 0

21-may – kutubxonachilar kuni

Bilim va maʼrifat oʻchogʻi boʻlgan bu ziyo maskani asli 1918-yilda, Namangandagi paxta tozalash zavodi klubi qoshida 540 kitob fondi bilan ish boshlagan. Oradan 10 yil oʻtib u alohida binoga koʻchiriladi. 1936-yilda kitob fondi 18398 taga, kitobxonlar soni esa 8595 taga yetadi. Namangan viloyati qayta tashkil etilgach, 1941-yili muassasaga viloyat kutubxonasi maqomi beriladi. 1980-yilda kutubxona uchun shahar markazida 4 qavatli muhtasham bino quriladi. Uning ochilish marosimi hamon Namangan adabiy jamoatchiligi, koʻp ming sonli kitobxonlar yodida. Tantanaga respublikaning birinchi rahbari Sharof Rashidov tashrif buyurib, lentani qirqib bergan edi. Uning taklifi bilan ziyo maskaniga otashin shoira Nodira nomi beriladi.
 

2019-yil ham maʼnaviyat va maʼrifat dargohi uchun yodda qoladigan boʻldi. Maʼlumki,oʻtgan yilning 28-fevral-1-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan viloyat axborot-kutubxona markazini zamon talablariga mos ravishda taʼmirlash, uning fondini yangi kitoblar bilan boyitish, xorijiy davlatlar kutubxonalaridan masofaviy foydalanish imkoniyatini yaratish, oʻquvchilarga kitob mutolaasi uchun qulay shart-sharoitlarni hozirlash taklifi bildirilgan edi. Taklif qabul qilinib, uning ijrosi doirasida katta hajmda bunyodkorlik va jihozlash tadbirlari amalga oshirildi.

Endilikda markaz aholini zarur adabiyotlar va axborot bilan toʻla-toʻkis taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlgan zamonaviy ziyo maskaniga aylangan. Xususan, uning binosini modernizatsiyalash jarayonida bu yerda kitobxonlar uchun 7 ta oʻquv zali bunyod etildi. Ularda bir paytning oʻzida 500 nafarga yaqin kitobxon mutolaa qilishi mumkin. “Bookcafe”, QR kodli elektron kitoblar, audio adabiyotlar, yangi asarlar koʻrgazmasi, media va internet zallari, xorijiy yozuvchilar asarlarini oʻqib-oʻrganishga moʻljallangan “Doʻstlik” oʻquv zali va boshqa xonalar bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratgani bilan ahamiyatli. Binoning ikkinchi qavatida “Nodirabegim” zali tashkil etilgan boʻlib, unda hassos shoiraning hayoti va ijodi, u yashab oʻtgan davrdan hikoya qiluvchi eksponatlar oʻrin olgan.

— Yangilangan binoda aholi barcha qatlamlari, jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolarning bemalol mutolaa qilishlari ham alohida eʼtiborga olingan, — deydi markaz direktori Mavluda Joʻraboyeva. — Masalan, harakati cheklangan kitobxonlar binoda boʻlgan chogʻda maxsus qurilmalardan foydalana oladilar. Internet va media zalida koʻzi ojiz foydalanuvchilarga 76 nomdagi audiokitoblar shay qilib qoʻyilgan.

Axborot-kutubxona fondi katta miqdordagi adabiyotlar bilan toʻldirilib, ayni kunda uning kitoblar jamgʻarmasi 600 ming nusxaga, elektron resurslari esa 4000 nomga yetdi. Viloyatning bosh ziyo maskanidan foydalanuvchilar soni esa 23,5 ming kishidan ortadi. Axborot-kutubxona markazi boy tarixiy merosga ega boʻlib, XVII-XVIII asrga taalluqli kitoblar, 1940-yildan buyon chiqarilgan gazeta va jurnallarni saqlab kelmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?