Namangandagi “Xurmatxon aya” qabristoni hududi torayib ketganmi? Davergeodezkadastr qoʻmitasi vaziyatni oʻrgandi.

14:54 16 Avgust 2019 Jamiyat
91 0

Illyustrativ foto

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahar, Gulobod mahallasida joylashgan “Hurmatxon aya” qabristoni uchun ajratilgan yer maydoni qariyb 4 marotaba torayib ketganligi toʻgʻrisidagi video eʼlon qilingan edi. Mazkur holat Davergeodezkadastr qoʻmitasi tomonidan oʻrganildi.

Oʻrganish natijasida:

1. Videorolikda 1994-yilda qabriston uchun 8,0 gektar yer maydoni ajratib berilganligi bayon qilingan.

Ushbu masala boʻyicha tegishli hujjatlar oʻrganildi. Xususan, Namangan viloyati Namangan tumanidagi sobiq “Ijodkor” agrofirmasi vakillarining 1994-yil 6-martdagi 2-sonli yigʻilish bayonining qaror qismini 1-bandida “Irvadon qishlogʻi pensionerlari, veteranlari, qariyalari, aholi talablariga asosan qabriston qilish uchun Irvadon qishlogʻiga yaqin boʻlgan Gʻisht zavodi yonidagi 8,0 gektar yer maydoni ajratib berish lozim topilsin deb qayd etilgan. Ushbu hujjatning 5-bandida “Ushbu qarorni tasdigʻi Namangan tumani hokimligidan soʻralsin”deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Yer toʻgʻrisida”gi 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Qonunning 6-moddasida Hokimiyat tuman idoralarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari belgilangan boʻlib, bitta yer egasiga va bitta yerdan foydalanuvchiga 10 gektargacha maydonda yer ajratish belgilangan.

Biroq sobiq “Ijodkor” agrofirmasi vakillarining 1994-yil 6-martdagi 2-sonli vakillar yigʻilishi qarori Namangan tumani hokimi tomonidan tasdiqlanganligi yuzasidan xujjat mavjud emasligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2015-yil

4-dekabrdagi SQ-73- III-son qaroriga asosan Namangan shahri kengayishi munosabati bilan shahar maʼmuriy chegarasiga oʻzgartirish kiritilib Namangan tumanidagi ushbu yerlar Namangan shahriga oʻtkazilgan.

2. Videorolikda 1994-yilda qabriston uchun ajratilgan 8 gektar yer maydoni 2,5 gektar boʻlib qolganligi boʻyicha.

Namangan tumani hokimining 2011-yil 8-iyuldagi 401-sonli qaroriga asosan Namangan tumani “Obodonlashtirish boshqarmasi”ga “Xurmatxon aya” qabristoni uchun 0,50 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2015-yil 4-dekabrdagi SQ-73- III-son qaroriga asosan Namangan shahri kengayishi munosabati bilan shahar maʼmuriy chegarasiga Namangan tumanidan yer maydoni qoʻshilgan boʻlib, shu jumladan, Ijodkor massivi xududidagi “Xurmatxon aya” qabristoni Namangan shahri maʼmuriy chegarasiga qoʻshilgan.

“Xurmatxon aya” qabristoni uchun tuman hokimining 2011-yil 8-iyuldagi 401-sonli qarori bilan 0,50 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlsa-da, 2018-yilda fuqarolarning murojaatlari boʻyicha qabriston egallagan yer maydoni qayta oʻlchov natijasida 2,5 gektar ekanligi yoki qarorga nisbatan 2,0 gektar yer maydoni tegishli hujjatlarsiz oʻzboshimchalik bilan qabriston tashkil etish uchun devor toʻsiq bilan oʻrab olinganligi maʼlum boʻldi.

Namangan shahar hokimining 2018-yil 10-avgustdagi 1157-sonli qaroriga asosan “Xurmatxon aya” qabristoni egallagan 2,5 gektar yer maydoniga nisbatan foydalanish huquqi belgilangan va viloyat “Yermulkkadastr” DK tomonidan 10.09.2018-yildagi 2594-son kadastr yigʻma jildiga asosan qabriston yer maydoni 2,5 gektarni tashkil etishi koʻrsatilgan.

3. Videorolikda qabriston uchun ajratilgan 8 gektar yer maydonidan tadbirkorlik faoliyat uchun yer maydonlari ajratilishi boʻyicha.

- “Ijodkor” massivi, 118, 119-konturdagi 8,6 gektar yer maydonlari quyidagicha taqsimlangan:

- “Xurmatxon aya” qabristoni uchun -2,5 gektar (Namangan shahar hokimining 10.08.2018-y. 1157-son qarori)

-“ SAMO PLYUS TAʻMIR” MCHJga “Savdo va sanoat muzlatgichlarini ishlab chiqarish zavodi” qurish uchun -1,5 gektar (Namangan shahar hokimining 06.06.2016-y. 442-son qarori)

- “GRAND PLAST TRADE” MCHJga “Akfa romlari va tekstil maxsulotlari ishlab chiqarish korxonasi” qurilishi uchun -1,01 gektar (Namangan shahar hokimining 10.11.2016-y. 904-son qarori)

- fuqaro X.Olimov bogʻ tashkil etish uchun -1,23 gektar (Namangan shahar hokimining 31.12.2016-y. 1104-son qarori)

“Xurmatxon aya” qabristoni bugunki kunda jami 2,52 gektarni tashkil etib, shundan 0,50 gektar qismida qabrlar, 1,98 gektar maydoni boʻsh turganligi, 0,04 gektar qismi qorovulxona binosi bilan band ekanligi aniqlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?