Namanganda yoshlar marafoni oʻtkazildi. Shahar hokimi velosipedda

12:20 21 Iyun 2019 Jamiyat
264 0

“Kelajakni sogʻlom yoshlar bunyod etadi!” shiori ostida tashkil etilgan marafon bugun ertalab soat 8:00 da shahardagi “Temiryoʻlchilar oromgohi”dan start oldi. Uni minglab namanganliklar qiziqish bilan kuzatib turdilar.

Velosportchilar “Uch favvora” xiyobonigacha boʻlgan 5 kilometrlik marrani qisqa vaqt ichida zabt etishdi. Viloyat markazi va tumanlardan tashrif buyurgan besh yuzdan ortiq yoshlar, oliygoh talabalari, maktab va kollej oʻquvchilari, professional va havaskor sportchilar ishtirokidagi musobaqa haqiqiy sport bayramiga aylandi.

Eʼtiborli jihati, Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati Kengashi raisi Abdulaziz Moʻminov hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilot rahbarlari ham velosipedga oʻtirib, marafonchilar safida belgilangan masofani bosib oʻtdilar.

Tadbir soʻngida gʻoliblar va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?