Namanganda Yoshlar ittifoqi 393 talabaga toʻlov-shartnoma mablagʻining 35 foizini toʻlab berdi

15:40 23 Aprel 2019 Jamiyat
341 0

Viloyatdagi oliy oʻquv yurtlariga muddatli harbiy xizmatni oʻtagandan soʻng imtiyoz bilan oʻqishga kirgan bu yoshlar oʻrtacha oʻzlashtirishi 86 foiz va undan yuqori boʻlgani uchun shunday ragʻbatga munosib topildilar. Namangan shahridagi ”Uch favvora” xiyobonida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ushbu talabalarga toʻlov-shartnoma mablagʻining 35 foizini toʻlab berilishi rasmiylashtirilgan sertifikatlarni topshirish marosimi boʻldi. Taqdimotda soʻz olgan yoshlar ittifoqi viloyat Kengashini raisi A. Moʻminov yurtimizda yoshlar siyosati borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, kelajagimiz egalariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar haqida toʻxtalib, bunga javoban yigit-qizlar faolligini yanada oshirish zarurligini taʼkidladi.

- Mazkur xayrli ish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirib kelinmoqda, - deydi Ittifoqning viloyat Kengashi boʻlim mudiri D.Abduvosiyev. - Oʻqish va jamoat hayotida tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlarning bu tartibda ragʻbatlantirilishi intiluvchan talabalar safining kengayishiga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Taqdimot marosimida aytib oʻtilganidek, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining 393 nafar talabasiga 1 103 735 714 soʻm miqdordagi toʻlov-shartnoma pullari yoshlar ittifoqi tomonidan toʻlab berildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV /“Xalq soʻzi”/.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?