Namanganda yana bir qoʻshma korxonaga tamal toshi qoʻyildi

12:22 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
104 0

Chust tumanidagi “Namangan“ erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari hududga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish orqali isteʼmol bozorini import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan toʻldirishga munosib hissa qoʻshayotir.Kecha bu yerda loyiha qiymati 50 million AQSH dollariga teng boʻlgan “Tai Chang Special Steel” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.

Biznes loyihaga koʻra, 31 gektar hududda qad rostlaydigan yangi ishlab chiqarish majmuasida har xil turdagi metalloprokat, alyuminiy va misdan oʻtkazgich mahsulotlari hamda metalldan bir qator kundalik ehtiyoj jihozlari ishlab chiqariladi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Uning ijrosi nihoyasiga yetkazilishi bilan yiliga 120 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan quvvatlar yaratiladi. Bu bilan hamkorlik korxonasi mahalliy yoshlardan 450 nafarini oʻz bagʻriga oladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?