Namanganda yana 15 ta maktab oʻquvchilarga quchoq ochdi

15:06 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
183 0

Bugun Namangan shahrida 9 ta, Norin tumanida 4 ta, Kosonsoy va Uychi tumanida bittadan maktab jamoasi anʼanaviy tarzda oʻquv mashgʻulotlariga kirishdi. Ulardan ikkitasi oʻz faoliyatini yangi binolarda boshladi. Jumladan, qariyb 8,5 mlrd. soʻm davlat mablagʻlari evaziga zamon talablari asosida yangidan barpo etilgan Namangan shahridagi 86-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilarga ajoyib sovgʻa boʻldi. Maʼrifat maskanining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari P. Matkarimov, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari X. Abdurahmonov, keng jamoatchilik vakillari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Viloyat hokimi oʻrinbosari ustoz-muallimlaru oʻquvchi-yoshlar, ota-onalarni tuhfa etilgan yangi maktab bilan muborakbod etish barobarida 97 nafar 1-sinfga ilk qadam qoʻygan oʻquvchilarga Prezident sovgʻalarini tantanali surʼatda topshirdi. Ikki qavat, 420 oʻrindan iborat ilm maskani 23 ta sinf xonasi, 120 oʻrinli majlislar zali, 100 oʻrinli zamonaviy oshxona, 60x30 oʻlchamdagi ochiq stadion, 12x24 oʻlchamdagi yopiq sport zalini oʻz ichiga olgan boʻlib, axborot texnologiyalari xonasi, toʻgarak xonalari, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan oʻquv xonalari, oʻgʻil va qiz bolalar uchun texnologiya xonalari, musiqa xonasi va kutubxona oʻquvchilar ixtiyorida.

Shuningdek, Kosonsoy tumanining “Jar” mahalla fuqarolar yigʻinida ham 420 oʻrinli yangi oʻquv binosi 54-umumtaʼlim oʻquvchilarga tuhfa qilindi. Bu yerda ham kelajagimiz egalarining puxta bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ilm maskanining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimi Bahodir Yusupov barcha ishtirokchilarni yangi maktab va oʻquv yilining boshlanishi bilan tabrikladi. Oʻquvchilarni yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlarga javoban ona yurt ertasiga munosib oʻgʻil-qizlar boʻlib ulgʻayishga chorlab, maktabga ilk qadam qoʻygan 81 nafar 1-sinf oʻquvchisiga Prezident sovgʻalarini taqdim etdi.

Taʼkidlash joizki, joriy yil Namangan viloyatidagi umumtaʼlim muassasalariga 53104 nafar oʻgʻil-qiz 1-sinfga chiqishi rejalashtirilgan. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada viloyatdagi 492587 ming nafar ota-onadan 80 foizi taʼlim jarayonini farzandlarining maktabga qatnagan holda, yaʼni, anʼanaviy oʻqishini bildirishgan boʻlsa, ota-onalarning 20 foizi taʼlimni masofaviy shaklda – onlayn darslar orqali davom ettirish taklifini maʼqullashgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?