Namanganda tibbiyot va farmatsiya boʻyicha xalqaro forum ish boshladi

15:23 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
131 0

Namangan viloyatida “XX1 asrda tibbiyot va farmatsevtikaning rivojlanishida investitsiya va innovatsiyaning roli” mavzuiga bagʻishlangan Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi oʻtkazilmoqda. Namangan viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida oʻtkazilayotgan forumda jahonning 30 dan ortiq davlatidan 150 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari va tibbiyot sohasining yetuk olimlari ishtirok etayotir.

Bugun Toʻraqoʻrgʻon shahridagi “Shirinlik” madaniyat saroyida forumning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan Respublika Bosh vaziri oʻrinbosari A. Abduhakimov, Namangan viloyati hokimi X. Bozorovlar mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiy xizmat darajasini jahon andozalari darajasiga koʻtarish, gullar shahrida oʻtkazilayotgan yirik anjuman tibbiyotimiz ravnaqi yanada jadallashuviga hissa qoʻshishini taʼkidladilar. Tadbir dasturiga koʻra “Shirinlik”da tashkil etiladigan yalpi majlisda qator davlatlarning taniqli olimlari, sarmoyadorlari va mutaxassislari maʼruzalar bilan chiqadilar. Kunning ikkinchi yarmida beshta yoʻnalish - endokrinologiya, kardiologiya, jarrohlik, onalik va bolalik muhofazasi hamda farmatsevtika boʻyicha seksiya yigʻilishlari oʻtkaziladi.Anjuman doirasida xorijiy tadbirkorlar bilan farmatsevtikaga oid memorandumlar imzolash tadbirlari ham koʻzda tutilgan.

Forumning ikkinchi kunida viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalarida sohaning taniqli namoyandalari ishtirokida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish rejalashtirilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?