Namanganda “Tashabbus-2019” koʻrik-tanlovi gʻoliblari aniqlandi

09:49 23 May 2019 Jamiyat
260 0

21 may kuni Prezident sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Tashabbus-2019” koʻrik-tanlovining Namangan viloyat bosqichi oʻz yakuniga yetdi. Unda Respublika bosqichiga yoʻllanma olgan gʻoliblar nomi maʼlum boʻldi.

- “Tashabbus” koʻrik-tanlovi tadbirkorlar salohiyatini sinovdan oʻtkazishning erkin maydoniga aylandi,- deydi Namangan shahridagi “Asror tekstil sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati menejeri Oybek Abdullayev. – Bugun biz bu yerda 20 dan ortiq turda kostyum shim, kurtka va boshqa mavsumiy kiyimlarni namoyish qildik. Har jihatdan bejirim mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki, tashqi bozorda ham munosib oʻrin topganidan faxrdamiz. Oʻtgan yili “D.Maretti” yorligʻi bilan 700 ming AQSH dollari miqdoridagi kiyim-kechaklarni MDH davlatlariga yuborgandik. Joriy yilda bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirishni koʻzlab turibmiz.

Koʻrik-tanlovning joriy yilda Namanganda oʻtkazilgan shahar va tuman bosqichlarida 380 nafar tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi. Ayni jarayonda gʻolib chiqqan 59 nafar oʻz ishining ustasi Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da poytaxtda oʻtadigan yakunlovchi bosqich yoʻllanmasi sohibi boʻlish maqsadida maydonga tushdi. Ular ishtiroki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi, faoliyat natijalari va boshqa muhim shartlar boʻyicha baholanib, yoʻllanma egalari aniqlandi.

Yakunda,Namangan shahridagi “Nafis teks group” MCHJ rahbari Ahadxon Eshonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” , Chustdagi “Madina zakovat ziyo” xususiy korxonasi rahbari Madina Vahobova “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Namangan tumanidagi “Golden egg of Namangan” MCHJ rahbari Abdulahad Shamsiddinov “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, Namangan tumanidagi “Ahmadbek saxovati” fermer xoʻjaligi yetakchisi Lutfullo Tojiboyev“Yilning eng yaxshi fermeri”, Namangan shahridan Hakim Tojiboyev“Yilning eng yaxshi hunarmandi”yoʻnalishi boʻyicha gʻolib chiqdilar.

Maʼlumot uchun, mazkur tadbirning oʻtgan yillar davomidagi respublika bosqichlarida namanganliklar sakkiz marotaba yuksak mukofotlarni qoʻlga kiritishdi.

Ayni chogʻda viloyat boʻyicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotganlar soni 18770 tadan ortib, yalpi hududiy mahsulotning 66,5 foizini ishlab chiqarmoqda. Sohaning aholi bandligidagi ulushi esa 80 foizdan yuqori koʻrsatkichni tashkil etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?