Namanganda tadbirkordan 300 dollar pora olgan soliq rahbari qoʻlga olindi

13:38 24 Avgust 2018 Jamiyat
291 0
Illyustrativ foto

Namanganda xususiy tadbirkordan 300 dollar pora olgan soliq inspeksiyasi boʻlim boshligʻi qoʻlga olindi, deya xabar berdi Oʻzbekiston IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

Xabarda aytilishicha, joriy yil 4 iyul kuni Namangan viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimiga tadbirkor X.Xdan murojaat kelib tushgan. Arizachining maʻlum qilishicha, 3 iyul kuni savdo doʻkoniga tuman Davlat soliq idorasi rahbar xodimlari - Gʻ.B. va T.N.lar kelib, doʻkon soliq xodimlari tekshiruvidan “xoli” boʻlishi evaziga 300 AQSH dollari berishini talab qilishgan.

Tadbirkor murojaatidan soʻng Namangan viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda Namangan viloyati prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkaziladi.

Tadbir davomida Chust tumani Davlat soliq inspeksiyasi boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi T.N. tuman DSI binosida fuqaro X.X.dan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, T.N. qamoqqa olingan.

Shuningdek, uning jinoiy sheriklariga nisbatan ham tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?