Namanganda qoidabuzar haydovchining rulda uxlab qolishi oʻzi va yana 3 nafar yoʻlovchining vafotiga sabab boʻldi

11:22 04 Sentyabr 2020 Jamiyat
1483 0

Joriy yilning 4-sentyabr kuni soat 05:00 larda, Namangan viloyati, Pop tumani hududidan oʻtgan 4R 112 “Fargʻona halqa yoʻli” avtomobil yoʻlining 10-kilometrida haydovchi 1998-yilda tugʻilgan J.M. «Matiz» rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruv vaqtida uxlab qolib, qarama-qarshi yoʻnalishga oʻtib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1987-yilda tugʻilgan I.O. boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomobil bilan toʻqnashgan, deya xabar berdi Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati.

Natijada, «Matiz» rusumli avtomobil haydovchisi 22 yoshli J.M. hamda yoʻlovchisi 23 yoshli S.X. va «Neksiya» rusumli avtomobil yoʻlovchilari 45 yoshli I.M., 39 yoshli R.Gʻ.lar ogʻir tan jarohati olib voqea joyida vafot etishgan.

«Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi 33 yoshli I.O. va yoʻlovchilari 23 yoshli Sh.S., 22 yoshli N.A.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilganlar.

Mazkur YTH yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar oʻlimiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, «Matiz» rusumli avtomobil haydovchisi J.M. bir yil davomida 9 marotaba, «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi I.O. 1 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.

Barcha haydovchilardan charchoq holatida transport vositasini boshqarmasliklarini, oʻzi va oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻymasliklarini soʻrab qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?