Namanganda qish chillasida oʻrtacha narxi 100 ming soʻm boʻlgan qulupnaylar sotuvga chiqarildi

11:59 16 Fevral 2020 Jamiyat
163 0

Foto: Hamdamjon Mamadaliev

Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida barpo etilgan issiqxonada qish chillasida qulupnay bozorlarga chiqarildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

“Yanvar oyi boshida nishona hosilni uzib olgandik. Hozir ham har kuni qator oralab, ekinning qizarganlari uzilib, xaridorlarga yetkazib turilibdi”, – deydi issiqxonani yuritayotgan “Universal yevrofud treyding” rahbari Qodirjon Qurbonov.

Foto: Hamdamjon Mamadaliev

Tadbirkorning aytishicha, mazkur jarayon 6 oy davom etadi. Soʻng “ona ekin” meva berish oʻrniga yonidan “bolacha” novdalarni chiqaradi. Bu esa qoʻshimcha qulupnayzor tashkil etish imkonini beradi. Qazib olingan koʻchatlar boshqa tuvaklarga oʻtqazilib, ekin maydoni kengaytiriladi.

Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Zohidaxon Kenjayevaga koʻra, Janubiy Koreya texnologiyasi asosida, gidroponika uslubida hosil olinayotgan issiqxonada yumushlarning deyarli barchasi avtomatlashtirilgan. Ekinlar maxsus jadval asosida tomchilatib sugʻoriladi. Suv zamonaviy qurilma yordamida mineral oʻgʻit va boshqa foydali unsurlar bilan boyitiladi. Soʻng kompyuter dastur asosida belgilangan vaqtda paykalga suvni uzatadi.

Qizigʻi, ekin gullarini changlatish ham oʻziga xos uslubda bajariladi: issiqxona ichida xuddi qushning ini singari qutichalarga joylashtirilgan “xorijlik ari”lar vaqti-vaqti bilan indan chiqib, gullarni changlatadi.

Toʻraqoʻrgʻonda qishda pishgan qulupnaylar mazasi nihoyatda xushtaʼm ekanligini xaridorlar ham eʼtirof etmoqda. Ular Namangan bozorlari va doʻkonlarida oʻrtacha 100 ming soʻm atrofida sotilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?