Namanganda “Maʼnaviyat festivali“ boshlandi

14:57 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
262 0

Ushbu anjuman Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda Namangan viloyati hamkorligida oʻtkazilmoqda. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan,shuningdek, viloyatda yashab ijod qilayotgan madaniyat va sanʼat namoyondalari, el suygan taniqli aktrisa va aktyorlar, shoir va yozuvchilar, xalq taʼlimi xodimlari, talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festival maʼnaviyatning maʼno-mohiyati,uning qadimiy ildizlari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari targʻibotiga qaratilgan. Uning doirasida joylarda aholining keng qatlamlari, avvalo, yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yoʻnaltirilgan uchrashuv va muloqotlar tashkil etiladi. Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, anjuman va davra suhbatlari, adabiy-badiiy kechalar uyushtiriladi.

Bugun erta tongda viloyat markazidagi “Oydin plaza” mehmonxonasi konferensiyalar zalida “Maʼnaviyat festivali” va uning doirasidagi tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Uning yakunida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining Namangan viloyatidagi aʼzolariga xizmat guvohnomasi va koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shundan soʻng ishtirokchilar Toʻraqoʻrgʻon shahridagi madaniyat markaziga keldilar. Bu yerda boshlangan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan ona-tilim” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy tadbir ijodkorlarning ajoyib sheʼrlari bilan diltortar mushoira kechasiga aylandi.

Isʼhoqxon Toʻra Ibrat majmuasiga sayohat maʼrifatparvar yurtdoshimizning haykali poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Majmuadagi xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishuv, xususan, mazkur dargohda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarning izlanish va intilishlari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

- Namanganliklar oʻzining xulq-odobi bilan milliy maʼnaviyatimiz rivojiga qoʻshayotgan hissasi bilan ajralib turadi, - deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rajab Adashev. – Ayniqsa, gullar shahri ahlining mayinlikka yoʻgʻrilgan shirin lutfini tinglab dilingiz yayraydi. Bugun biz bilan suhbatlashgan mezbonlarning kayfiyati, anʼana va urf-odatlarga hurmati, kattayu kichikka birday hush muomalasini koʻrib, gapning rosti, ularga havasim kelib ketdi. Oʻylaymanki, festivalning boshqa mehmonlari ham bu yerdan iliq taassurotlarga toʻlgan holda qaytadilar.

Festival dasturiga muvofiq, ishtirokchilar kunning ikkinchi yarmida mazkur tumandagi “Axsikent” tarixiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyuradilar. Koʻhna shahar xarobalari yonida joylashgan muzey binosida “Buyuk tarixdan buyuk kelajak sari” mavzusida davra suhbati tashkil etiladi.

Oqshomga yaqin Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” bogʻida “Obodlik koʻngildan boshlanadi” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir, kitoblar yarmarkasi va rasmlar tanlovi oʻtkazish rejalashtirilgan. Tanlov qatnashchilari taqdim etgan ijodiy ishlar mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqilib, gʻoliblarga diplom, qimmatbaho esdalik sovgʻalari va kitob jamlanmalari taqdim etiladi.

Ikki kun davom etadigan anjumanda, shuningdek, Namangan shahridagi 11-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi faollar zalida “Bobom, buvim va men” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot tadbiri oʻtkazish koʻzda tutilgan. Unda viloyatdagi eng namunali oilalar vakillari, nuroniylar, ijodkorlar, maʼnaviyat targʻibotchilari hamda yoshlar vakillari ishtirok etadilar. Tadbirdan soʻng mehmonlar viloyat musiqali drama teatrida namoyishi rejalashtirilgan “Amir Temur” spektakli premyerasi tomoshasidan bahramand boʻladilar. Bundan tashqari Chust shahridagi Mavlono Lutfulloh nomli madaniyat va istirohat bogʻida “Maʼnaviyatimizni shakllantirishda milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarimizning tutgan oʻrni” mavzusida davra suhbati hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazish moʻljallangan.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?