Namanganda keyingi uch hafta ichida 166 ta yer maydoni va boʻsh turgan binolar elektron savdo birjasiga joylashtirildi

16:13 22 Oktyabr 2018 Jamiyat
282 0
Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Joriy yilning may va sentyabr oylarida Namanganda aniqlangan 225 ta boʻsh turgan bino va inshootlar hamda yer maydonlarining birortasi savdo birjasiga chiqarilmagan.

Bu davlatimiz rahbarining “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarni jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar jarayonida aniqlandi.

Yer maydonlarining auksion savdolarida qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan mutasaddilar xatti-harakatiga huquqiy baho berilmoqda. Masalan, Namangan shahrining bosh arxitektori Bekzod Qoʻchqorov tegishli yer maydoni va inshootlarga kadastr xulosasi berishni paysalga solib kelgani, viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi bosh muhandisi Nozim Inomov yerlarni auksionga chiqarilishi ustidan nazorat olib bormagani uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima toʻlaydigan boʻldilar. Bundan tashqari shahar va tuman hokimliklarining ayni masalada aybdor boʻlgan 10 nafar masʼul xodimlariga ham maʼmuriy jazo qoʻllanildi.

“Ishchi guruhi faoliyat boshlagandan buyon 28,6 milliard soʻm qiymatdagi 36 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilib, 313 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Ayni jarayonda tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari asosida boʻsh turgan binolarni nol qiymatda sotish boʻyicha yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, jumladan, ular sotuvining soddalashtirilgan tartibini joriy etish yuzasidan takliflar oʻz samarasini berdi”, - deydi viloyat prokuraturasi boʻlim prokurori Yosinxon Rahimberdiyev.

Aytish lozimki, hududiy ishchi guruhi viloyatda tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish chorasini koʻrmoqda. Xususan, ularni bartaraf etish doirasida 24 nafar tadbirkorlik subyektining tabiiy gaz va elektr tarmogʻiga ulanishi taʼminlandi, 79 nafar tadbirkorga 15510,74 milliard soʻm va 591,2 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratildi, 103 tasiga tegishli ruxsatnoma olish va boshqa masalalarda amaliy yordam koʻrsatildi. Umuman olganda, qisqa vaqt ichida 342 ta muammo aniqlanib, toʻligʻicha “hudud.gov.uz” onlayn dasturiga kiritildi va 206 tasi hal qilindi. Qolgan 136 ta masala respublikaning tegishli idoralari tomonidan koʻrib chiqilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?