Namanganda yoʻlovchi tashuvchi “Damas”lar harakatiga yana cheklov qoʻyildi

11:18 24 Aprel 2019 Jamiyat
269 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/”Xalq soʻzi”/ Namangan. Endilikda “Damas” avtomobillari Namangan shahrining belgilangan koʻchalarida soat 7:00 dan kech soat 20:00 gacha yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanmaydi.

Bunday tartib yoʻllarda ortiqcha tirbandliklar kelib chiqishi,ayrim “Damas”chilarning yoʻl harakati qoidalarini mensimasligi oqibatida koʻplab yoʻl-transport hodisalari sodir etilayotganligi bilan izohlanmoqda.

Aslida viloyat hokimining mazkur yoʻnalishdagi farmoyishi 2017 yilning 7 avgustida qabul qilingan boʻlib, bir muddat amal qilgan, oʻshanda, koʻchalarda qatnov anchagina tartibga tushib qolgandi. Biroq, koʻp oʻtmay“Damas”lar asta-sekinlik bilan yoʻllarni egallay boshlashdi. Mana endi oradan ikki yilga yaqin vaqt oʻtganda farmoyish yana mutasaddilarning yodiga tushdi.

Mazkur farmoyishda koʻrsatilgan vazifalar ijrosi viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi va viloyat transport boshqarmalariga yuklatilgan boʻlib, ular doimiy nazorat olib borishlari talab etiladi.

Aytish lozimki, ushbu tartib yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanmayotgan, shahar markazida yashayotgan “Damas” haydovchilari yoki yuk tashish bilan mashgʻul boʻlgan shunday rusumdagi avtomashina haydovchilariga tatbiq etilmaydi.

Shunday qilib, Namanganda 23 apreldan yoʻlovchi tashuvchi “Damas” lar qatnoviga cheklov amal qila boshladi. Savol tugʻiladi: oʻrnatilayotgan tartib bu safar qancha vaqt amal qilarkin?


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?