Namanganda "Hyundai" ishlab chiqaradigan avtomobil rusumlari ma’lum bo‘ldi

10:36 25 May 2018 Iqtisodiyot
1432 0
Foto: drive2

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida hududda yirik ishlab chiqarish sanoati yo‘qligini, yaqin kelajakda bu yerda ham avtomobil zavodi qurish loyihasi amalga oshirilishini ta’kidlagandi.

«Xalq so‘zi»ning viloyat muxbiri bergan xabarga ko‘ra, Koreya Respublikasining "Evergreen Motors Group" kompaniyasi prezidenti Kim Chang Kyon loyiha bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazish uchun Namangan viloyatiga tashrif buyurgan. 

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston — Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikning buguni va istiqbollari xususida so‘z bordi.

Uchrashuv doirasida tashkil etilgan taqdimot marosimida viloyatda “Hyundai” yuk avtomobillari va avtobuslarni yig‘ish zavodi” qurish loyihasi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Namangandagi korxonada yuk ko‘tarish sig‘imi 1 tonnadan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari va shahar ichida qatnovchi, shaharlararo hamda sayyohlik rusumidagi, o‘lchami 9 — 12 metrli avtobuslar va maxsus transport vositalari yig‘iladi.

Dastlab, kuniga 8-20 va yiliga 1000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Uch yil ichida bu ko‘rsatkich 3 mingtaga yetkaziladi, ya’ni mingta avtobus va 2 mingta yuk mashinasi ishlab chiqariladi. Avvaliga ehtiyot qismlar Koreya Respublikasidan keltirilsa, mahalliylashtirish dasturi asosida uch yil mobaynida ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich shu yerning o‘zida ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. 

Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratilsa, kelajakda bu ko‘lam 6 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Delegatsiya a’zolari avtomobil zavodi qurilishi uchun tavsiya qilinayotgan maydonlar va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?