Namanganda “Gullar bayrami” yakunlandi. Gʻoliblarga “Spark” topshirildi

20:23 02 Iyun 2019 Jamiyat
292 0

Namanganliklarning oʻziga xos anʼanasi - “Gullar bayrami”ning bu yilgi tomoshalari nihoyasiga yetdi. Viloyat markazidagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻida bir hafta davom etgan anjumandagi betakror gul koʻrgazmalari, rang-barang madaniy va maʼrifiy dasturlar viloyat ahli hamda mehmonlarga olam-olam zavq berdi.

Eʼtiborli jihati, joriy yildagi nafosat ayyomi davomida bayramning nufuzi ortib, xalqaro miqyos kasb etganidan barcha gʻurur va iftixorda. Xususan, eronlik gulchilar oʻz koʻrgazmalarini tashkil etish uchun Namanganga tashrif buyurgan boʻlsalar, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 12 nafar xalqaro jurnalist axborot agentliklari, kundalik matbuot va internet nashrlari, televideniye orqali gullar festivalini olamga doston qildi.

Kecha oqshom viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida bayram doirasida oʻtkazilgan eng yaxshi gulchilar tanlovi gʻoliblari, shuningdek, tadbirni tayyorlash va oʻtkazishning faol tashkilotchilarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli estrada xonandalari hamda viloyat sanʼat ustalarining gala konserti sadolari ostida mukofot va sovrinlar oʻz egalariga topshirildi. Xususan, oʻzining ajoyib koʻrgazmasi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi gulkorlari va usta gulchi Azizbek Mamajonov oliy oʻringa munosib topilib, “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandilar.Tanlovda faxrli oʻrinni egallagan gulchilar va bir qator nominatsiyalar gʻoliblari,shuningdek, faol tashkilotchilarga qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi.

Tantanali marosimda viloyat hokimi X. Bozorov ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?