Namanganda gul sayli boshlanmoqda

13:26 20 May 2019 Jamiyat
388 0

Namangandagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻida ellik toʻqqizinchi marotaba gul sayli oʻtkaziladi. Ayni paytda kelayotgan yakshanbada tantanali ochiladigan maftunkor gul sayliga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Davlatimiz rahbarining viloyat jamoatchiligi bilan saylovoldi uchrashuvida “Gullar bayrami”ni xalqaro miqyosga olib chiqish yuzasidan bildirgan taklifini namanganliklar tezkor ravishda roʻyobga chiqarishdi. Endilikda gul sayliga nafaqat mamlakatimiz, balki, qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmanistondangina emas, balki, olis xorij - Koreya, Turkiya, Niderlandiya davlatlaridan ham mehmonlar tashrif buyurishmoqda.

Eʼtiborli jihati, ular orasida oddiy tomoshabin boʻlib emas, oʻzining noyob gullari bilan kelayotganlar ham bor. Misol uchun, niderlandiyaliklar oʻz koʻrgazmalari bilan ishtirok etish niyatini bildirishgan.

Shaharda katta bayramga hozirlik koʻrilmoqda. Madaniyat va istirohat bogʻidan tashqari koʻcha va xiyobonlar ham gullar bilan bezatilmoqda. Oʻtgan yili maxsus kompozitsiyalarni yaratish uchun 3,5 million tup gul koʻchati oʻtqazilgan edi. Bu gal koʻrsatkich 5 million tupdan ortishi aytilmoqda.

Bir hafta davom etadigan bayram dasturiga koʻra, anjuman gul bilan bezatilgan 100 dan ortiq avtomashinalar karvonining shahar koʻchalari boʻylab sayridan boshlanadi. Bobur bogʻida gulchi-tadbirkorlar, shahardagi korxona va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan gullar koʻrgazmasi oʻtkaziladi.

— Bayramning faol ishtirokchilari, qimmatbaho mukofotlar kutmoqda, - deydi Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. — Chunonchi, oliy oʻrinni egallagan gulchi tadbirkor, shuningdek, korxona va tashkilotga munosib sovrin — yengil avtomobil topshiriladi. Nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarga sovgʻalar taqdim etiladi.

Namangandagi anjumanga bir qator xorijiy OAV vakillari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Hindiston va Qirgʻiziston davlatlarining axborot agentlik hamda televideniyelari tashrif buyurishi koʻzda tutilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?