Namanganda doʻstlik va madaniyat festivali

10:28 20 May 2019 Jamiyat
434 0

“Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida oʻtkazilgan anjuman Namangan davlat universitetida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlarning rahbarlari, universitet oʻqituvchi va professorlari, talabalar ishtirokida “Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik – barqarorlik omili” mavzusidagi ochiq muloqot bilan boshlandi. Shu kuni universitet oʻqituvchi va talabalari, badiiy havaskorlar tomonidan tashkil qilingan “Inson manfaatlari – ulugʻ qadriyat” mavzuidagi tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmasida turli xalqlar tarixi, urf-odat va anʼanalarini aks ettiruvchi hunarmandchilik namunalari, milliy liboslar namoyish etildi.

Namangan “Yoshlar markazi”da “Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi-oliy neʼmat” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarda esa mamlakatimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil siyosatning oʻziga xos qirralari xususida gap bordi.

Ikki kun davom etgan festival doirasida Namangan muhandislik texnologiya, muhandislik-qurilish institutlari, “Doʻstlik uyi”da ham turli millat vakillarining madaniyat va urf-odatlariga oid koʻrgazmalar namoyish etilib, bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Viloyat milliy madaniy markazlari qoshidagi folklor-etnografik ansambllarning konsert dasturlari ishtirokchilarga shukuhli soatlarni hadya etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?