Namanganda 18 kishi ovqatdan zaharlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy maʼlumot berdi

17:55 27 Sentyabr 2019 Jamiyat
357 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Chust tumanida bir guruh fuqarolarning ovqatdan zaharlangani haqida xabarlar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganilib, quyidagilarni maʼlum qiladi.

Joriy yilning 21-sentyabr kuni Namangan viloyati Chust tumani Gʻova MFY hududidan 18 nafar fuqaro qorinda ogʻriq, koʻngil aynishi, umumiy holsizlik, ich ketishi, tana haroratining koʻtarilishi belgilari bilan tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan. Ular “oʻtkir diareya” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Bemorlarning 5 nafari erkaklar va 13 nafari ayollar boʻlgan. Ularning aytishicha, Gʻova MFY N.Sh.ning toʻy bazmida qatnashgandan soʻng, kasallik alomatlari boshlangan.

Shifoxonaga yotqizilgan bemorlardan bakteriologik tekshiruv uchun qon, axlat, siydik namunalari olinib, tuman DSENMga yuborilgan. Barcha bemorlar shifokorlar tomonidan chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, kerakli tavsiflar berilgan. Bemorlarni davolash ishlari qatʼiy nazoratga olinib, yetarli darajada dori-darmonlar bilan taʼminlangan.

Ertasi kuni oʻtkazilgan tibbiy muolajalardan soʻngi holati yaxshilangan 3 nafar bemorga uyiga javob berildi. 24-sentyabr kuni esa barcha bemorlar sogʻlomlashtirilib, uyiga javob berilgan.

Epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar maʼlum boʻldi. Gʻova qishlogʻida yashovchi fuqaro N.Sh. uyida oʻtkaziladigan toʻy marosimi uchun buzoq soʻygan, uning goʻshtidan yaxna tayyorlagan. Ushbu yaxna goʻshtdan isteʼmol qilgan toʻy egasi oʻgʻlining ham kechki paytda tana harorati koʻtarilgan, Gʻova QOP qoshidagi tez yordam xodimlari muolajasidan soʻng ahvoli yaxshilangan.

Surishtiruv davomida toʻy uchun soʻyilgan buzoq goʻshti, ovqat tayyorlash uchun ishlatiladigan sabzavotlar, qovun, tarvuz, uzum mahsulotlari hamda ichimlik suvi sifatida ishlatilgan buloq suvidan laboratoriya tahlili uchun namunalar olingan.

Shifokorlar va DSENM xodimlari tomonidan Gʻova MFY hududida aholi oʻrtasida yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan patronaj xizmatini kuchaytirgan holda targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?