Namangan viloyatida davlat aktivlari qanday boshqarilmoqda?

18:48 04 Mart 2020 Iqtisodiyot
426 0

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi oʻtkazgan navbatdagi press-turda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar. Gazetalar, radio va televideniye, internet-nashrlarning jurnalistlari joylarda davlat ulushi ishtirokidagi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, xususan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va shakllarini joriy etish, aksiyadorlar va kuzatuv kengashlarining rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
 

Ayniqsa, “Uchqoʻrgʻonyogʻ” aksiyadorlik jamiyati olib borayotgan faoliyat tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Mazkur korxona mamlakat yogʻ-moy sanoati tizimidagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. 675 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladigan jamoa 2019-yilda ishlab chiqarishda yuqori natijalarga erishdi. Isteʼmolchilarga 22034 tonna shrot, 14603 tonna sheluxa, 28 tonna glitserin, 4061 tonna xoʻjalik sovuni, 4300 tonna oʻsimlik yogʻi, 7696 tonna texnik salomas yetkazib berildi. Olingan sof foyda salkam 675 million soʻmni tashkil etdi. Aksiyadorlar katta miqdorda dividendga ega boʻldilar.

– Oʻtgan yili jamiyatni korporativ boshqaruv tizimida muhim voqea yuz berdi, — deydi korxona rahbarining oʻrinbosari Shuhrat Madaminov. – Ustav jamgʻarmasida 51,74 foizni tashkil etgan davlat ulushi 22,5 milliard soʻmga sotildi. Ana shu tufayli bugungi kunda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash boʻyicha yirik loyiha amalga oshirila boshlandi. Uning umumiy qiymati 5 million dollardan iborat. Mazkur loyiha uch yil mobaynida korxona quvvatini kamida yigirma foiz oshirish imkonini beradi. Mahsulotlar sifati yaxshilanib, eksport hajmi ham sezilarli darajada oshadi.

Press-tur ishtirokchilarida “Namanganvino” aksiyadorlik jamiyati, “Baxtli avlod”, “Iskovot shifo maskani” va “Norin santexmontaj” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar ham katta qiziqish uygʻotdi.

Nurbek ABDULLAYEV,

“Xalq soʻzi”.
Hotam MAMADALIYEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?