Namangan viloyati - Saudiya Arabistoni: iqtisodiy hamkorlikka tamal toshi qoʻyildi

13:37 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
63 0

Namanganda Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari ishtirokida xalqaro biznes-forum boʻlib oʻtdi.

Saudiya Arabistoni Bosh investitsiya boshqarmasi boshligʻi Badir Muhammad Almufgay boshchiligidagi delegatsiya tarkibida “Ajlan & Bros Holding Group”, “Awad Group”, “ELM”, “Al Shanawani”, “Gulf Pioneers” kabi 10dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari, Moliya, Savdo va investitsiyalar hamda Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xoʻjaligi vazirliklarining yuqori martabali vakillari bor. Mehmonlar dastlabki kuni Namangan viloyatidagi qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari bilan tanishdilar.

Anjumanning Toʻraqoʻrgʻon shahridagi “Shirinlik” madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali ochilish marosimida Arab delegatsiyasi aʼzolariga viloyat iqtisodiy salohiyati hamda mavjud istiqbolli loyihalarning taqdimoti oʻtkazildi. Shundan soʻng Turkiyaning mashhur “Idealist Mimarlik” arxitektura kompaniyasi vakili Ibrahim Chelepoʻven oʻz kompaniyasi tomonidan chizilgan “Nanay kichik turistik zonasi”ning loyihasini taqdim qildi. Yangiqoʻrgʻon tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan jahon standartlariga uygʻun ushbu turistik majmua konsepsiyasi delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.

Anjuman doirasida tashkil etilgan V2B va B2G formatida uchrashuvlarda Namangan viloyati biznesi vakillari Saudiya Arabistonilik ishbilarmonlar bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha salohiyatli loyihalar ustida muzokara olib bordilar. Ayni jarayonda bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Chust tumanidagi mis koniga hamda Mingbuloq neft va gaz konlariga katta qiziqish bildirgan “Gulf Pioneers” investitsion kompaniyasi namanganlik fuqarolarni Saudiya Arabistonida ish bilan taʼminlash borasida ham oʻz hamkorligini taklif qildi.

-Biz bu borada hukumatimiz bilan hamkorlikda ish olib boramiz. Shuning uchun oʻzbek mutaxassislari til borasida qiyinchilikka duch kelmasliklari uchun avvaldan Namanganda bepul ingliz tilini oʻrgatish kurslarini tashkil qilishga ham tayyormiz, - dedi muloqot chogʻida kompaniya rahbari Ibrahim Dhabi Aldhabi.

Ajdodlari vodiylik boʻlgan Ayub Muhammad Avad oʻzining “Awad Group” kompaniyasi bilan Namanganda mehmonxonalar qurish boʻyicha hamkorlik qilish niyatini bildirdi. “Bu yerdagi baʼzi sheriklarimiz Albaniyaga investitsiya kiritishmoqchi edi, Albaniyada nima bor, mening ota yurtim Oʻzbekistonga sarmoya tashlaymiz, deb ularni ham Namanganga chorladim” deb taʼkidladi Ayub Avad.

Oʻzaro kelishuvlar chogʻida viloyat energetika sektoriga Arab sarmoyasini jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari delegatsiyasi Namanganning diqqatga sazovor joylari, jumladan, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat majmuasi hamda Chortoq tumanidagi “Chartak Resort” sanatoriy-sogʻlomlashtirish markazini ham borib koʻrdilar.

Ikki kun davom etgan xalqaro biznes forumda Namangan viloyati hokimi X. Bozorov, Oʻzbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Ulugʻbek Maqsudov ishtirok etdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV( “Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?