Namangan viloyat aholisining 37,8 foizi tizimli ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan

13:42 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
216 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oliy Majlis Senatida davom etayotgan yalpi majlisda Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi hisoboti eshitildi.

Keyingi paytlarda islohotlar samarasi Namangandagi oʻzgarishlar misolida yanada yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Buning yorqin misollari haqida viloyat hokimi oʻz hisobotida batafsil toʻxtaldi.

Ammo muammolar ham yoʻq emas. Shulardan biri avtomobil yoʻllarining aksariyat qismi taʼmirtalab yoki nosoz ahvolga kelib qolgani bilan bogʻliqdir.

Andijon va Namangan viloyatlarini Namangan shahri bilan bogʻlovchi, davlat ahamiyatiga molik va sutkasiga 10-15 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan 4R112 “Fargʻona halqa yoʻli” orqali hozirda kuniga 30-35 mingta avtomobil harakatlanmoqda. Mazkur yoʻlning bugungi kun talablariga hech bir jihatdan javob bermasligi oqibatida 2019-yilning oʻtgan 9 oyida ushbu yoʻl oraligʻida fuqarolar oʻlimi va tan jarohatiga sabab boʻlgan 30 dan ziyod yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan.

Vaholanki, Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan mazkur yoʻlni toʻla taʼmirlash belgilangan edi. Biroq, yoʻlni kengaytirish uchun talab etiladigan buzilish ishlari olib borilgani va tegishli mulkdorlarga kompensatsiya pullari toʻlab berilganiga qaramasdan, bu vazifa ijrosi toʻliq taʼminlanmagan.

Majlisda Moliya vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi ushbu masala yuzasidan qoʻshimcha choralarni koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.

Umuman olganda, viloyatdagi davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarining 30 foizi, xoʻjaliklararo ichki avtomobil yoʻllarining 66 foizdan ortigʻi taʼmirtalab holatga kelib qolgani masʼul tuzilmalar tomonidan mazkur masalalarni hal etish boʻyicha kompleks yondashuvning yillar davomida ishlab chiqilib, amalda joriy etilmaganini koʻrsatadi.

Viloyatda suv, ayniqsa, ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Viloyat aholisining 37,8 foizi tizimli ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan. Mavjud ichimlik suvi olish inshootlarining aksariyati 46 foiz quvvat bilan ishlamoqda, suv quduqlarining 13 foizi taʼmirtalab hamda 8 foizi mutlaqo yaroqsiz holga kelgan.

Shuningdek, majlisda yangi ish oʻrinlarini yaratish, taʼlim, sport, sogʻliq saqlash va boshqa tizimlarni takomillashtirish, umuman, viloyatni kompleks rivojlantirish boʻyicha zarur takliflar bildirilib, koʻplab muammolarning yechimiga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar belgilandi.

Rahim SHERQULOV,
Xalq soʻzi onlayn”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?