Namangan nafaqat olmasi, gullari bilan ham maftunkor

11:44 30 May 2018 Jamiyat
619 0

Namanganda an’anaviy gul bayrami bo‘lib o‘tmoqda. Ellik sakkizinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjumanda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar ham qatnashayotgani uning xalqaro miqyosga chiqib borayotganidan dalolatdir.

Bayram tadbirlari “Namangan” xalqaro aeroportida mehmonlarni tantanali kutib olish bilan boshlandi. Ular sharafiga gullar bilan bezatilgan avtomobillar karvoni ishtirokida o‘ziga xos parad uyushtirildi. 

Bu galgi ayyomda Bangladesh, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan ishbilarmonlar, sayyohlar va gul ishqibozlari qatnashmoqda. Asosiy ko‘rgazma Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil qilindi. Usta gulkorlar, korxona, tashkilot va muassasalarning havaskor bog‘bonlari tomonidan 1,5 million tupdan ziyod gullar namoyishga qo‘yildi. 100 dan ortiq manzarali ko‘rinishlar barpo etildi. Maxsus ajratilgan joylarga 2,5 million tup mavsumiy gul ko‘chatlari o‘tqazildi.

Namanganlik gulchilar bayramni intiqlik bilan kutishadi. Shu bois ko‘rgazmaga qo‘yish uchun chechaklarning eng noyob turlarini parvarishlashadi. 

— Gulchilik bizga ajdodlardan meros, — deydi xususiy tadbirkor Sadriddin Qodirov. — Hozirgi kunda issiqxonamizdagi ko‘chatlar turi 500 dan ortadi. Yangi navlarni mahalliylashtirishga harakat qilyapmiz. Masalan, so‘nggi bir yil davomida “Buguela” deb ataladigan Arabiston atirgulini iqlimimizga moslashtirdik. Uning bir necha turini bugun ko‘rgazmaga ham qo‘yganmiz. 

Bir hafta davom etadigan bayram kunlari madaniyat va istirohat bog‘i chinakam sayilgoh, ko‘ngilochar tadbirlar maskaniga aylanadi. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkor va so‘z ustalari, viloyat badiiy jamoalari, dorbozlik hamda boshqa turdagi xalq o‘yinlari ijrochilarining chiqishlari ayyomga yanada ko‘tarinkilik baxsh etadi. Mushoiralar uyushtiriladi, tadbir yakunida esa eng yaxshi gulchi aniqlanib, “Spark” avtomobili bilan taqdirlanadi. Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni ham qimmatbaho sovrinlar kutmoqda.

Gul bayramining ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X. Bozorov so‘zga chiqdi. 

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?