Namangan muhandislik-texnologiya instituti Pokistondagi nufuzli oliygoh bilan hamkorlik qiladi

13:36 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
112 0

Ayni kunlarda Namangan shahar hokimligi, Namangan muhandislik-texnologiya instituti professor-oʻqituvchilari, shaharning tadbirkor-ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya Pokistonda boʻlib turibdi. Bu haqda Namangan muhandislik-texnologiya instituti axborot xizmati muxbirimizga xabar berdi.

Delegatsiya aʼzolari tashrif davomida Faysalobod shahriga bordilar. Maʼlumot oʻrnida, Panjob viloyatida joylashgan ushbu shahar Pokistonda nufuzi jihatidan Karachi va Lahordan keyingi oʻrinda turadia. Qayd etish joiz, Faysalobod shahri Pokistonning tekstil markazi hisoblanadi va eksportining salkam 70 foizini aynan toʻqimachilik mahsulotlari tashkil etadi.

Delegatsiyaning Faysalobodga safari davomida bir qator amaliy natijalarga erishildi. Jumladan, viloyatning tekstil sohasidagi eksport salohiyatini yanada oshirish, iqtisodiyot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari texnologiyasi sohalarida ish olib borish maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Pokiston milliy yengil sanoat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

- Tomonlarning oʻzaro manfaatli hamkorligi doirasida imzolangan bitimga muvofiq, oliygohimizda Pokistondagi universitet bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini jahon standartlari darajasida sinovdan oʻtkazish va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etiladi. Shuningdek, ikki oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida pedagog va talabalarining oʻzaro tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi, - deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori OdiljonMamatkarimov.

Muloqot chogʻida oliygohlar oʻrtasida qoʻshma oʻquv dasturlari, ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqish hamda yilning oxiriga qadar Namanganga Pokistonning xalqaro taʼlim sohasida yetakchi oʻrinlarda turadigan universitetining professorlari va texnik mutaxassislar delegatsiyasi safarini uyushtirishga kelishib olindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?