Namangan xalqaro tibbiyot forumiga shay

12:17 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
107 0

2019-yil 13-14-sentyabr kunlari Namangan viloyatida yana bir yirik anjuman – “XX1 asrda tibbiyot va farmatsevtikani rivojlanishda investitsiya va innovatsiyaning roli” mavzuiga bagʻishlangan Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi oʻtkaziladi.

Namangan viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida oʻtkazilayotgan forumda jahonning 30 dan ortiq davlatidan 150 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari va tibbiyot sohasining yetuk olimlari qatnashishi kutilmoqda.

Forumning tantanali ochilish marosimi Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Shirinlik” madaniyat saroyida boʻlib oʻtadi. Unda qator davlatlarning taniqli olimlari, sarmoyadorlari va mutaxassislari maʼruzalar bilan chiqadilar. Kunning ikkinchi yarmida beshta yoʻnalish - endokrinologiya, kardiologiya, jarrohlik, onalik va bolalik muhofazasi hamda farmatsevtika boʻyicha seksiya yigʻilishlari oʻtkaziladi.Anjuman doirasida xorijiy tadbirkorlar bilan farmatsevtikaga oid memorandumlar imzolash tadbirlari ham koʻzda tutilgan. Shuningdek, 14-sentyabr kuni ertalabdan tibbiyot sohasining taniqli namoyandalari ishtirokida viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat perinatal markazida va viloyat kardiologiya markazi hamda “Anamed” va “Oydin shifo” xususiy klinikalarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi.

Shuningdek,Rossiya Federatsiyasi Ural davlat tibbiyot universitetining Namangan davlat universitetida tashkil etilgan qoʻshma tibbiyot fakultetining ochilish marosimini oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

- Forumdan kutilayotgan asosiy maqsad oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sohadagi istiqbolli biznes rejalar boʻyicha viloyatimizga investitsiya kiritish, yangidan-yangi innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiyotda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, farmatsevtika sanoatini taraqqiy ettirishdir, - deydi Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Solijon Moʻminov.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?