Namangan “Hyundai”i qachon konveyerdan chiqadi?

14:57 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
874 0

Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Toshkentda Janubiy Koreya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, qoʻshimcha investitsiya shartnomasini imzoladi. Bu bilan viloyatda barpo etilayotgan Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodi qurilishi jadallashtiriladi.

X. Bozorov vaHyundai Motor kompaniyasi tijoriy avtomobillar boʻlinmasi vitse-prezidenti Lim Xyon Yung, Hyundai Corporation kompaniyasi tijoriy avtomobillar va temir yoʻllar boʻyicha bosh direktori Pak Yong Xvan hamda Evergreen Motors kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Ik Don qoʻl qoʻygan shartnomaga koʻra, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududidan joy oladigan Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish qoʻshma korxonasiga loyihani amalga oshirish jarayonida hamda kelgusi faoliyatida EIZ ishtirokchilariga berilgan soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar tatbiq etiladi. Yil yakuniga qadar mazkur yoʻnalishda maxsus qaror ham qabul qilinadi.

Koʻpchilikni korxona qachon faoliyatini boshlaydi,degan savol qiziqtirishi tabiiy. Shartnomada Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodidan ilk mahsulotning chiqishi 2020-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshishi belgilab olindi.

Aytish lozimki,Namanganda avtomobilsozlik sanoatiga poydevor boʻladigan mazkur loyiha boʻyicha Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari bilan investitsion shartnoma bundan bir yil avval imzolangandi. Korxonani ishga tushirish bilan yiliga 2,5 mingta kichik yuk mashinasi, mikroavtobus hamda avtobuslar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Pirovardida, viloyat ahli uchun mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Demak,yoʻllarimizda Namangan “Hyundai”yuradigan kunlar uncha uzoq emas.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?