Nayman mahallasida sayyor qabul oʻtkazildi

09:54 25 Avgust 2020 Jamiyat
150 0

Davlat xizmatlar agentligi Namangan viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan qishloq va ovullarda aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish orqali kam taʼminlangan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish maqsadida sayyor qabullar oʻtkazilmoqda. Pop tumanining Nayman mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan shunday tadbirda ishtirokchilar faolligi taʼminlandi.

Tuman markazidan ancha olisda joylashgan bu hududda bandlik masalasi jiddiy muammolardan biriga aylangan. Toʻgʻri, bu yerda dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik bilan shugʻullanadiganlar anchagina. Biroq, ayni faoliyatni deylik, oilaviy biznes sifatida rasmiylashtirishga koʻpchilik qiziqmaydi. Vaholonki, shunday qilinsa, xonadon aʼzolari uchun zarur mehnat stajiga ega boʻlish, boshqa qator imtiyozlardan foydalanish imkoniyati paydo boʻladi. Ayni paytda hududdagi mavjud 610 xonadondan bor-yoʻgʻi 18 tasigina oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan, xolos.

Shu kuni Pop tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari mahalla ahliga oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan atroflicha tushuncha berdilar. Bu masalani rasmiylashtirishning nihoyatda sodda va oson ekanligi alohida taʼkidlandi. Pirovardida, yigirmaga yaqin fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatidagi faoliyat olib borishga qaror qilganligini bildirdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?