Nafaqat kino koʻrish, balki kitob ham oʻqish mumkin

17:21 03 May 2019 Jamiyat
354 0

Prezidentimizning yaqinda Surxondaryo viloyatiga qilgan tashriflari davomida Oʻzbekiston Milliy banki va “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan nafaqat Oʻzbekistonda, balki, Markaziy Osiyoda dastlabki innovatsion koʻchma kinomobil taqdimoti oʻtkazildi. MAN avtomobilida maxsus jihozlangan kinoteatr respublikamizning eng olis shahar va qishloqlari aholisiga milliy va chet el badiiy hamda hujjatli filmlarini namoyish etish orqali yoshlar maʼnaviyatini oshirish, ularning adabiyot, teatr va kino sanʼatiga boʻlgan qiziqishi, qolaversa, kitobxonlikni targʻib qilishdek keng qamrovli faoliyatga yoʻnaltirilgan.

Mobil kinoteatr dunyoning yetakchi korxonalarining zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlangan. Uni ishga tushirish uchun 30 daqiqa kifoya qiladi. U bir vaqtning oʻzida 80 tomoshabinga xizmat koʻrsatadi. Filmlar 2D hamda 3D formatda namoyish etiladi.

— Ushbu innovatsion loyihamiz orqali Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni targʻib qilish va uning ijrosiga hissa qoʻshish ham asosiy vazifalarimizdan biridir, — deydi “Cinema service” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhratjon Umarov. — Kinomobilda sevimli filmlarni koʻrish bilan birga oʻzbek va jahon mumtoz hamda zamonaviy adiblarining asarlari bilan yaqindan tanishish, ekranlashtirilgan badiiy asarlar boʻyicha viktorina va tanlovlar oʻtkazish imkoniyati ham mavjud. Umuman olganda, “Ekrandagi kitob”, “Kitobga oshno bolalik”, “Kino dunyosidagi ertaklar” loyihasi orqali yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, taʼtil kunlarni maroqli oʻtkazish, bolalar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida kitob oʻqishni targʻib qilish, bu jarayonda ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsiyalarni qoʻllash boʻyicha aniq yoʻnalishlarni belgilab olganmiz. Qolaversa, kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalar farzandlari, mehribonlik uylari, maktab-internati tarbiyalanuvchilari uchun bepul seanslar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Kinomobil oʻzining dastlabki faoliyatini Termizdagi Yoshlar markazi hududida boshladi. 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari uning ilk tomoshabinlari boʻlishdi.“Abu Iso Muhammad at-Termiziy” haqida suratga olingan hujjatli film namoyishi, ayniqsa, ulugʻ muhaddisning hayoti, u qoldirgan ilmiy merosi tomoshabinlarda boy taassurotlar qoldirmoqda.

Mobil kinoteatr imkoniyatlaridan foydalanib, yoshlarda jasurlik, mardlik, faxr va iftixor, yurtga sadoqat tuygʻularini shakllantirish maqsadida harbiy vatanparvarlik mavzuida badiiy va hujjatli filmlar, multfilmlar namoyishi, ijodiy uchrashuv va suhbatlar ham uyushtiriladi.

Mobil kinoteatr oʻn kun mobaynida Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlari boʻylab harakatlanib, eng chekka hududlar aholisiga xizmat koʻrsatadi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?