M.Vorisova: “Soʻnggi yillarda turli sabablarga koʻra, oila ajrimlarining oshib borayotganiga guvoh boʻlyapmiz”

09:00 09 Iyul 2020 Siyosat
516 0

Oila — hayotning abadiyligi, avlodlarning davomiyligini taʼminlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan tarbiya oʻchogʻidir.

Jamiyatimizda oila bilan bogʻliq oʻziga xoslikni asrlar davomida hayot sinovlaridan oʻtib kelayotgan nikohning muqaddasligi, ota-onaning farzandlar, farzandlarning ota-ona oldidagi burchi, oʻzaro izzat-hurmat va hamjihatlik, ibo-hayo, oila shaʼni va nomusini asrash kabi hamma birdek itoat etadigan hayotiy qonunlar amal qilib kelmoqda.

Ammo soʻnggi yillarda turli sabablarga koʻra, oila ajrimlarining oshib borayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Misol uchun respublika boʻyicha 2019-yilnig 11 oyida 277,4 ming nikoh qayd etilgan boʻlsa, 28,7 ming oila ajrashgan. Bu yangi tuzilgan har 10 oiladan bittasida ajrim roʻy berdi deganidir.

Oilaviy ajrimlarning sabablari koʻp. Bunga uy-joy masalasi, ishsizlik, moddiy yetishmovchilik, yoshlarning mustaqil hayotga tayyor boʻlmasdan oila qurishi, er yoki xotinning ishlash uchun boshqa mamlakatlarga ketib qolishi, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitning yomonligi, oilaga tashqaridan boshqa shaxslarning aralashuvi sabab boʻlishi mumkin. Yurtimizda bu muammo olimlar tomonidan oʻrganilganda, barcha ajrimlarning teng yarmida sabab qilib yoshlarning bir-birini tushuna olmasligi, hayotga, oila masalasiga yengil qarashi ekanligi aniqlangan.

2020-yilning yanvar-mart oylarida respublika boʻyicha FHDYO organlari tomonidan 7,8 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan. Hududlar boʻyicha eng koʻp ajrimlar Toshkent shahri, Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.

Achinarlisi, nikoh bekor qilinar ekan uning qiyinchiliklari asosan ayolning zimmasiga tushadi. Chunki aksar hollarda u yashab turgan uyidan bolalari bilan chiqib ketishi hamda oʻzi va bolalarning taʼminotini oʻylashga majbur boʻladi.

Nikohdan ajrashishlar dunyoning barcha davlatlarida qayd etiladi. Lekin bizdagi qonunchilikda turmushidan ajragan ayol va bolalarning keyingi taqdiri kafolatlanmagan. Toʻgʻri, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment toʻlovlari qonunda belgilangan. Lekin hozirda qanchadan-qancha ayollar ana shu pullarni undira olmay sudma-sud yurganiga hammamiz guvohmiz. Ajrashish jarayonining oʻzi ham baʼzi davlatlarnikiga nisbatan oson.

Agar chet el tajribasiga murojaat qilsak, Polshada nikoh faqat sud orqali bir necha bosqichda bekor qilinadi. Lekin bu holat ijtimoiy meʼyorlar yoki voyaga yetmagan bolalar manfaatlariga zid boʻlsa, sudlar nikohni bekor qilishni rad etadi. Ispaniyaning Oliy sudi nikohdan ajrashgan erkakka sobiq uy bekasi boʻlgan xotiniga uy ishlarni bajargani uchun kompensatsiya va xotini hamda bolalari uchun alimentlar toʻlashga majbur qiladi. Germaniyada ajrashayotgan oilada bolalar boʻlsa, sud avvalo ularning manfaatlarini hisobga oladi. Shuningdek nafaqat mol-mulk, balki pensiya jamgʻarmalari ham ikkiga boʻlinadi, bunda ham oʻziga yarasha adolat mavjud. Negaki, bola tarbiyasi va uy ishlari bilan mashgʻul boʻlgan ayol pensiya uchun jamgʻarma yaratmagan. Braziliyada ham oiladagi voyaga yetmagan bolalar manfaati himoya qilinadi. Ularning ajrimdan oldingi taʼminot darajasi saqlanib qolinishi majburiy qilib belgilangan.

Taʼkidlash joiz, xorijiy davlatlarda ajrim haqida qaror chiqarishdan oldin sudlar bolalar va ayolning keyingi taqdiri bilan qiziqib, ularni kafolatlashga harakat qiladi. Bizda esa, avval nikoh bekor qilinib, ajrim qayd etiladi. Keyin farzandlar taqdiri, mol mulk taqsimoti koʻrib chiqiladi.

Hayotimizda bu holatlar qanchalik koʻngilsizliklarga sabab boʻlayotgani hammaga maʼlum. Chunki “chiqqan qiz chigʻiriqdan tashqari” deyishadi. Avvalo, bu xonadonda maʼnaviy tushkunlik, kelinlar va qaytgan qiz oʻrtasida ziddiyatlar paydo boʻladi. Baʼzida turmushdan ajrashgan ayol bolalaridan ham voz kechadi. Oqibatda tirik yetimlar koʻpayib, bolalar uylarida tarbiyalanishdek xunuk holat yuzaga keladi.

Ajrimdan keyingi eng katta gʻavgʻolarga sabab boʻladigan masala bu – uy-joydir. Ushbu masala ham turli kelishmovchiliklar, janjallarga kezi kelganda oʻta ogʻir holatlarga olib keluvchi jinoyatlarga sabab boʻladi.

Xoʻsh, oilalarni saqlab qolish, ajrimlarning oldini olish uchun qanday taʼsirli chora koʻrish lozim?

Birinchidan, nikoh qayd etilishidan avval yosh oila yashaydigan manzil aniq boʻlishi, ajrim yuz bergan holatda farzandlar va ayol turar joy bilan taʼminlanishi shart.

Ikkinchidan, nikoh qayd etilgach, ayol yuqorida koʻrsatilgan manzilga zudlik bilan roʻyxatga qoʻyilishi kerak. (ortiqcha ovoragarchiliksiz, kelin familiyasi oʻzgargani sababli yangi pasport olganda , doimiy roʻyxatga qoʻyiladigan manzili ham oʻzgartirilishi kerak).

Uchinchidan, bolalar uchun alimentlar majburiy undirilish mexanizmi joriy qilinishi lozim. Hozirgidek kam haq toʻlanadigan ishga nomiga joylashib, eng kam miqdorda aliment hisoblash amaliyotidan voz kechish kerak. Aliment miqdori bolaning hayot kechirishi, taʼlim olishi uchun yetarli boʻlishi lozim.

Toʻrtinchidan, ota-onasi tirik boʻla turib bolalar uyiga joylashtirilgan farzandlarga ota-onasi maxsus hisobga pul oʻtkazishini joriy qilish shart.

Yuqorida keltirilgan masalalar yechimi boʻyicha majburiy ravishda nikoh shartnomasi tuzilsa, har qanday erkak yoki ayol ajrashish haqidagi fikrni bir necha bor oʻylab koʻrardi.

Davlat asosini tashkil qiluvchi oilalar mustahkamligini taʼminlash, bolalar uchun sogʻlom oilaviy muhitni kafolatlash maqsadida qonunlarimizga adolatli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish vaqti keldi.

Maqsuda VORISOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?